Navro‘z nafaqat yangilanish, yasharish fasli bahorning boshlanishi, balki xalqimizga xos azaliy qadriyatlarning tantanasi hamdir. Ushbu ulug‘ ayyom kunlari keksalar holidan xabar olish, mahallalarda amalga oshiriladigan hasharlarda hamjihat bo‘lish azaliy an’analarimizdandir.
Xalqimizga xos bo‘lgan ushbu an’anani davom ettirish maqsadida Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi hayotini o‘zbek sportining rivojiga bag‘ishlagan bir guruh faxriylarimizga bayram kayfiyatini ulashdi.
Bahodir Maxsitov boshchiligidagi kengash mutasaddilari dastlab Milliy olimpiya qo‘mita binosida xayriya sovg‘alarini egalariga topshirishdi. So‘ng, imkoniyati cheklangan faxriylarimizning xonadoniga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olindi va homiylar tomonidan yuborilgan zarur oziq-ovqat mahsulotlari hamda moddiy yordam o‘z egalariga topshirildi.

O‘z o‘rnida faxriylarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, mustaqilligimiz abadiyligi, xalqimiz farovonligi uchun barchani duo qilishdi.

O‘zA