O‘tayotgan yil davomida mamlakatimizda o‘tkazilgan ommaviy sport musobaqalarida 15 million nafar fuqaro jalb etildi. Jismoniy tayyorgarlik sport sinovlarida 5 million 400 ming nafar aholi vakillari ishtirok etib, sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan 35 ming nafari tegishli darajadagi ko‘krak nishonlari hamda 6 ming 200 nafari esa sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bu haqda Sport vazirligi tizimidagi tashkilotlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda joylarda ommaviy sportni rivojlantirishdan boshlab sport ta’limi, seleksiya, sport infratuzilmasini rivojlantirish, "Prezident olimpiadasi" yakunlari, sohani raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash kabi yo‘nalishlar kesimida 2025 yil yakunlari tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida yil davomida yoshlarimiz Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida, Bahraynda o‘tkazilgan Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida munosib natijalarga erishgani, Dubay shahrida o‘tgan yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida sportchilarimiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagani, futbol bo‘yicha terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani xalqimiz iftixoriga sabab bo‘lgani e’tirof etildi.
Shaxmat bo‘yicha jahon kubogida Javohir Sindorov “Jahon toji uchun nomzodlar turniri”ga yo‘l olgani O‘zbekiston yoshlarining intellektual salohiyati nechog‘li yuqoriligini ko‘rsatgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ortda qolayotgan yilda mahallalarda 405 ta namunaviy tipdagi sport maydonchalari barpo etilib, ularning soni 1 ming 774 taga yetkazildi.
Ammo erishilgan yutuqlarga qaramasdan joriy yilda yetarli natija ko‘rsatmagan ayrim hududiy sport boshqarmalari faoliyati, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida mahoratli sportchilarni tayyorlash ishlari tanqid qilindi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar, tahlillar sarhisobiga ko‘ra, tegishli bo‘lim va yo‘nalishlarga, tashkilotlarning mutasaddilariga aniq vazifalar yuklandi. Sohada korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Videoselektor yig‘ilishi yakunida 2026 yilgi nufuzli xalqaro musobaqalarda terma jamoalarning munosib ishtirok etishini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralash va yo‘naltirishda shaffoflikka erishish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish yo‘nalishlariga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA