Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport – doimiy hamrohimiz, hayot tarzimiz
16:24 / 2014-09-08

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. 


Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. 

Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlab “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda qo‘mita hamda faol ayollar tomonidan tashkil etilgan “Sog‘lom nazar” ayollar sport-sog‘lomlashtirish guruhining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari N.Tojiboyeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, ular uchun munosib mehnat, turmush sharoiti yaratish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini keng qaror toptirish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Mamlakatimizda xotin-qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish, sportning muayyan turlari bo‘yicha ayol murabbiyalarni tayyorlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayollarga xos sport turlari ommalashayotgani, turli xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan sportchilarimiz safida qizlar ham ortib borayotgani, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining 30 nafarini sportchi qiz tashkil etishi yurtimizda xotin-qizlar sportiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan dalolatdir. 

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi sinxron suzish, badiiy gimnastika sport federatsiyalari bilan birgalikda musobaqalar, sport-sog‘lomlashtirish aksiyalari, marafon va festivallarni muntazam tarzda o‘tkazib kelmoqda. Bunday loyihalarga sportsevar qizlar bilan birga, turli yoshdagi ayollar, ayniqsa, uy bekalarini ko‘proq jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 

Mazkur jamoat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Sog‘lom nazar” sport-sog‘lomlashtirish guruhi ko‘ngilli xotin-qizlardan iborat bo‘lib, jamoa 2014-yilning mart oyidan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘z safida 30 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan 140 nafarga yaqin ayolni birlashtirgan guruh uchun murabbiylar tomonidan har kuni ertalab Milliy bog‘da sport-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda. 

– Ayollar salomatligini mustahkamlashda sportning o‘rni beqiyos, – deydi “Sog‘lom nazar” sport-sog‘lomlashtirish guruhi rahbari Maxfirat Qurbonova. – Guruhimiz safiga qo‘shilish istagidagi ayollar uchun maxsus so‘rovnoma o‘tkazib, ularning tibbiy-fiziologik holati atroflicha o‘rganilgach, maxsus davolovchi mashqlar tayinlanadi. To‘g‘ri tavsiya etilgan mashqlar opa-singillarimizni jismoniy zo‘riqishdan asrash bilan birga, doim bardam, tetik, eng asosiysi, sog‘lom bo‘lishida asosiy omil sanaladi.

Shayxontohur tumanidagi «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Shoyista Eshonxo‘jaeva mahalladagi ayollar bilan guruhda mashg‘ulotlarni kanda qilmaydi. Mana, bir yildirki, salomatligidan sira shikoyat qilmaydi. Uning aytishicha, mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish yo‘lidagi ulkan e’tibor tufayli yoshi, kasb-kori, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, jismoniy tarbiya barchaning hayot tarzi, doimiy hamrohiga aylanib bormoqda.