FOTOREPORTAJ
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ommaviy sportga jalb etish va sog‘lomlashtirish tadbirlarini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar tashkil qilingan.
Bugungi kunda mazkur oliy ta’lim dargohida 13 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan bo‘lib, kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan yoshlarning 62 foizi sport to‘garaklariga qamrab olingan. Institut sport klubi, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport kafedrasi tomonidan har bir fakultet kesimida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Universiada”, “Vazir kubogi” hamda “Rektor kubogi” kabi sport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi.
Voleybol, basketbol, futbol, shaxmat, futzal, gandbol, kurash, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha sport to‘garaklarida yoshlar muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanmoqda. Sport mashg‘ulotlari samaradorligini oshirish maqsadida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yoshlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, zamonaviy standartlarga javob beradigan 300 o‘rinli futbol stadioni, basketbol va voleybol maydoni, yangi sport majmuasi va sport saroyi, 2 ta yopiq sport zali, 2 ta sun’iy qoplamali mini-futbol va ochiq sport maydonchalari talaba-yoshlar ixtiyorida.
[gallery-25906]
Bunday sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan talabalar respublika musobaqalarida, shuningdek, mamlakat birinchiliklari, Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Ta’kidlash joiz, “Universiada” sport musobaqalarida institut sportchi talabalarining qo‘lga kiritgan yutuqlari natijasida 2019 va 2023 yillarda institutga sport anjomlaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirilgan bo‘lsa, institut talabalari voleybol va regbi-7 sport turlari bo‘yicha mamlakatimizning terma jamoasi tarkibida Osiyo va boshqa xalqaro sport musobaqalarida qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA