Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport: 2025 yilning eng yaxshisi bo‘lishga kimlar munosib?
10:59 / 2025-12-23

Yakunlanayotgan 2025 yil mamlakatimiz sport hayotida unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Yil davomida mamlakatimiz sportchilari Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha 250 dan ortiq nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etdi.

Xususan, joriy yilning fevral oyida Xitoyning Harbin shahrida o‘tgan IX qishki Osiyo o‘yinlarida 26 yillik tanaffusdan keyin o‘zbekistonlik sportchilar o‘yinlarning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Figurali uchuvchilarimiz Dmitriy Chigirev va Yekaterina Geynish tomonidan juftlik bahslarida qo‘lga kiritilgan oltin medal 30 tadan ziyod mamlakat orasida O‘zbekiston jamoasini "Harbin-2025" qishki o‘yinlarini kuchli beshlikda yakunlashini ta’minladi.

Iyul oyida Germaniyaning Reyn-Rur provinsiyasida o‘tkazilgan Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimiz talaba sportchilari 11 ta sport turida ishtirok etib, 4 ta oltin, 4 ta kumush, 7 ta kumush medalga ega chiqqan holda umumjamoada 13-o‘rinni egalladi.

25 sentyabr-9 oktyabr kunlari Ozarbayjonda tashkil etilgan III MDH o‘yinlari yurtimizning olovqalb yosh sportchilari uchun yana bir tarixiy yutuqlarga poydevor bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘yinlar dasturidan o‘rin olgan 23 ta sport turida Vatanimiz sharafini himoya qilgan 254 nafar sportchilarimiz Rossiya, Belarus, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida g‘oliblikka erishgan birinchi raqamli sportchilari bilan kechgan murosasiz bellashuvlarda umumiy hisobda 25 ta oltin, 33 ta kumush, 61 ta bronza, jami 119 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi. Mazkur o‘yinlarda yoshlar tarkibi bilan ishtirok etgan bokschilarimizning umumjamoada yetakchilikka erishgani, dzyudo, qilichbozlik, taekvondo kabi yo‘nalishlarda kuchlilar qatoridan joy olgani o‘zbek sportida yangi chempionlar avlodi yetishib kelayotganini yaqqol namoyon etdi.

Bahraynda o‘tgan III yoshlar Osiyo o‘yinlarida 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rin qo‘lga kiritilishi, VI Islom birdamligi o‘yinlarida ham umumjamoada 2-o‘rinni, Ar-riyodda joriy yil noyabr oyining uchinchi o‘n kunligida poyoniga yetgan Islom birdaligi o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallashi 2026 yilni yangi mujdalar, muvaffaqiyatlar bilan qarshi olayotganimizni ko‘rsatmoqda.

Yana bir e’tiborli jihat, yil davomida yurtimiz yoshlarining intellektual bilimini, tafakkurini dunyoga namoyish etgan shaxmatchilarimizning jahon va qit’a chempionatlarida, xalqaro turnirlarda qo‘lga kiritgan o‘ziga xos g‘alabalari, chempionlik shohsupasidan joy olgani yaqin kelajakda jahon shaxmat toji yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalariga mayoq bo‘lishiga umid uyg‘otayotgani ham bor gap.

Bu, yaqinda Hindistonda o‘tgan jahon kubogida g‘oliblikka erishish orqali shaxmat toji uchun kechadigan 2026 yilgi nomzodlar turniri yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Javohir Sindorovga nasib etar, balki, xalqaro turnirlarda dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini sarosimaga solib kelayotgan Nodirbek Abdusattorovga, buni vaqt ko‘rsatadi. Muhimi, o‘zbek shaxmati yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqani natijalarda o‘z aksini topmoqda.

Tarixga aylanishiga qisqa kunlar qolayotgan yilning yangi O‘zbekiston sport hayotidagi yana bir o‘ziga xos, olamshumul voqeasi bu, so‘zsiz futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tayotgan yil davomidagi 500 nafardan ortiq mamlakatimizning olovqalb sportchilarining xalqaro musobaqalarda ishtiroki uchun davlatimiz tomonidan zarur shart-sharoitilar yaratildi.

Ortda qolayotgan 2025 yil davomida og‘ir atletika, sport kurashlari, dzyudo, taekvondo WT, qilichbozlik, gimnastika, suzish, akademik eshkak eshish yo‘nalishlarida milliy terma jamoa a’zolari Olimpiya dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha 20 ga yaqin jahon chempionatida ishtirok etdi.

Terma jamoamiz vakillari Osiyo va jahon chempionatlarida 550 ga yaqin medallarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sportining xalqaro nufuzini yanada yuksaltirdi.

Xo‘sh, ortda qolayotgan yil davomida Vatanimiz sport shuhratini xalqaro sport maydonlarida ulug‘lagan sportchilarimizning, terma jamoalarning qaysi birlari yilning eng kuchlisi, eng zo‘ri, munosibi bo‘lishga loyiq?

Albatta, har bir erishilgan yutuq, muvaffaqiyat ortida e’tibor, yaratilgan shart-sharoit, murabbiy-mutaxassislarning, sport funksionerlarimizning tinimsiz izlanishi, alohida sportchilarimizning mashaqqatli mashg‘ulotlari mujassam.

Shu ma’noda, jahon chempionatlarida, kompleks musobaqalarda, Olimpiya o‘yinlari tizimidagi xalqaro turnirlarda oltin medallarni qo‘lga kiritib, Vatanimizning xalqaro obro‘ e’tiborini yuksaltirishga benazir hissa qo‘shib kelayotgan sportchilarimiz, jamoalarimiz yilning eng yaxshisi bo‘lishga munosib, degimiz keladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA