Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport: 2023 yilning eng yaxshilari bo‘lishga kimlar munosib?
13:43 / 2023-12-12

Ortda qolayotgan 2023 yil shiddatli bellashuvlarga, murosasiz bahslarga, kutilgan va kutilmagan natijalarga boyligi bilan O‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi.

Xo‘sh, o‘tayotgan yilda nimalar esda qolarli bo‘ldi, qaysi jihatlari bilan yangicha ko‘rinish kasb etdi? Yangi O‘zbekistonning yangicha yutuqlari qaysi sport turlarimizda, qaysi sportchilarimiz, terma jamoalarimiz erishgan natijalarda yaqqolroq ko‘zga tashlandi? Bu borada viloyatlarning ulushi qanday ko‘rinish kasb etdi?  

Yil davomida mamlakatimiz sportchilarining beshta kompleks sport o‘yinlarida ishtirok etgani, o‘nlab jahon va qit’a chempionatlarida yuksak yutuqlarga sazovor bo‘lgani xalqimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlagani bor gap.  

Ayniqsa, sentyabr-oktyabr oylarida Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida, Chendu shahrida iyul-avgust oylarida bo‘lgan Universiada o‘yinlarida, avgust oyida Belarus davlatining 11 ta shahrida kechgan MDH davlatlari o‘yinlarida, oktyabr oyida Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni)da o‘tkazilgan Butunjahon yakka kurashlar o‘yinlarida, noyabr oyida Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar Universiada o‘yinlarida sportchilarimizning yangi g‘alabalarni qo‘lga kiritgani yilning muhim sport voqeliklari sifatida yodda qolmoqda. Mahoratli sportchilarimiz o‘z g‘alabalari bilan o‘z nomlarini jahon sport sahifasiga muhrladi.  

Eng muhimi, yil davomida 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bir qator sportchilarimiz "Parij-2024" Olimpiadasining yo‘llanmalari va dastlabki reyting ochkolariga ega bo‘ldi.  

Bugungacha Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga 15 ta va Paralimpiya o‘yinlariga 26 ta yo‘llanmalar qo‘lga kiritilgani 2023 yilning muhim jihatlari sifatida yodda qolmoqda.

Ayniqsa, 4 nafardan boks va velosportchimiz, 1 nafardan zamonaviy besh kurash, badiiy gimnastika, triatlon, sport kurashlarimiz "Parij-2024" yo‘llanmalariga ega chiqqani, og‘ir atletika, dzyudo, yengil atletika, suv sport turlari yo‘nalishlarida Olimpiada reyting ochkolarini qo‘lga kiritgani, futbol jamoalarimizning saralash bahslarida muvaffaqiyatli qatnashayotgani ortda qolayotgan yilning o‘ziga xos jihatlari bo‘ldi.  

Shu o‘rinda ta’kidlamoq lozim, O‘zbek futboli 2023 yilda katta yutuqlarga erishdi.  Yurtimiz yashil maydonlarida kamolga yetgan qora ko‘z yigitlarimizning jahonning yetakchi futbol klublarida munosib o‘yin namoyish etayotgani kelayotgan yil yangi g‘alabalarga boy bo‘lishidan darak berayotgandek.  

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U20 terma jamoasining poytaxtimizda o‘tkazilgan qit’a chempionatida g‘oliblikka erishishi, jahon chempionatida ishtirok etishi, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Osiyo o‘yinlarida 3-o‘rinni qo‘lga kiritishi, ayollar terma jamoamizning "Parij-2024" saralashining so‘ngi bosqichiga chiqishi, O‘zbekiston U17 terma jamoasining Jahon chempionatidagi mahorati, “Nasaf” va “Navbahor”ning Osiyo chempionlar ligasidagi shijoati millionlab futbol muxlislari ko‘nglida yangicha orzu olovini yoqdi. Niyatimiz, Olimpiada yilida bu olov ulkan g‘alaba gulxanlariga aylansin.  

Xo‘sh, yakunlanayotgan yilning eng yaxshilari, deya kimlarni ko‘rsatish mumkin? Aynan qaysi sportchilar, jamoalar, murabbiylar 2023 yilning kuchlilari, degan nomga munosib?  

Bunday sharafga loyiqlarni e’tirof etishni va unga rasmiy maqom berishni jismoniy tarbiya va sport sohasining mutasaddi va mutaxassislari hukmiga qoldirgan holda munosiblikka nomzodlar xususida so‘z yuritsak. Albatta, bir qaraganda ham jahon chempionatida, ham Osiyo o‘yinlarida g‘oliblikka erishgan bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati va qit’a o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilib kelayotgan Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nurudinov, jahon va qit’a o‘yinlarida chempionlik maqomiga erishgan Muhsin Hisomiddinov, yengil atletikachi Sharifa Davronova, futbolchi Abbosbek Fayzullayev, qilichbozlikda Zaynab Dayibekova, taekvondochimiz Svetlana Osipova, dzyudochi Diyora Keldiyorova, sport kurashlari vakili Jalgasboy Berdimuratov, jahon shaxmatida O‘zbekiston yoshlarining intellektual salohiyatini namoyish etib kelayotgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Afro‘za Hamdamova va yana ko‘plab sportchilarimiz joriy yil davomida sermahsullikka erishganini ta’kidlamoq joiz.

Yurtimizda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning o‘tkazib kelinayotgani, “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari tizimining yo‘lga qo‘yilgani yakunlanayotgan yilning ahamiyatga molik voqeliklari bo‘ldi, deyish mumkin.  

Umuman olganda, tarixga aylanib borayotgan 2023 yil O‘zbekiston sport hayoti uchun yangi g‘alabalar, yangi yutuqlarga boyligi bilan xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlar poydevorining mustahkamligini ta’minlashda muhim omil bo‘lganini e’tirof etmoq kerak.  

"Toshkent-2025" Osiyo o‘yinlari uchun “Olimpiya shaharchasi”ning bunyod etilayotgani, ushbu olamshumul majmuaning tamal toshi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilishi mamlakatimiz Olimpiya tizimidagi to‘rt yillik sport musobaqalari tizimiga dadil odim tashlanganidan dalolat.  

Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik davrida so‘nggi ikki yillikda sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar kompleks musobaqalar hamda nufuzli musobaqalarda erishgan natijalari muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu natijalar orqali Olimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlikning to‘g‘riligini baholab borish mumkin.  

Jami kompleks musobaqalar bo‘yicha erishilgan natijalar hududlar kesimida tahlil qilinsa, medallar sifatida Samarqand viloyati (10 ta oltin, 8 ta kumush va 24 ta bronza), medallar soni bo‘yicha esa Toshkent shahri (8 ta oltin, 16 ta kumush va 39 ta bronza medali) yetakchi bo‘lganligini ko‘rish mumkin.  

Shu bilan birga eng kam medal jamg‘argan hudud Surxondaryo viloyati (3 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza) bo‘lgan bo‘lsa, medallarning sifati borasida Jizzax (1 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza) hamda Namangan (1 ta oltin, 2 ta kumush va 9 ta bronza) viloyatlari past ko‘rsatkich qayd etgan.  

Xalqaro sport musobaqalarida qo‘lga kiritilgan har bir yutuq, har bir medalning ortidagi mehnat, izlanish, sportchilarimizdagi shijoat muhim rol o‘ynaganini anglagan holda xalqimizning qo‘llab-quvvatlovi asosiy rag‘bat bo‘lganini ta’kidlash lozim.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlanganidek, “erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalardir. Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz”.  

Buning uchun barcha asoslar, zarur infratuzilma, chuqur bilimga, intellektual salohiyatga ega Yangi O‘zbekistonning bunyodkor yosh avlodi kamolga yetib kelmoqda.  

Shu ma’noda, hukumatimiz tomonidan yil davomida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, sport ta’lim tizimini takomillashtirish, bir qator sport turlarini rivojlantirish borasida 20 ga yaqin qaror va farmonlar qabul qilindi. Ayni hujjatlar asosida 2023 davomida Vatanimizning shijoatli va matonatli sportchilari bugungacha Olimpiya va Osiyo o‘yinlari tizimidagi xalqaro musobaqalarda 73 ta oltin, 99 ta kumush, 222 ta bronza, jami 394 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdiki, bu kelgusi yilgi muvaffaqiyatlarga mustahkam zamin hozirlanayotganidan nishona.  

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA