So‘nggi yillarda Yaponiya va O‘zbekiston munosabatlari yanada rivojlanib, oliy darajadagi muloqotlar faollashib bormoqda.
Ikki tomonlama ishonchli munosabatlar ko‘lami Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kendzi Xirata uchrashuvida alohida e’tirof etildi.
Uchrashuvda har ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan o‘zaro hamkorlik sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Elchi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 18-20 dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini alohida ta’kidladi. “Yaponiya O‘zbekistonni mintaqadagi mustahkam strategik sheriklik mavqeida ko‘rishdan manfaatdor”, dedi u.
X.Kendzi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrifi muvaffaqiyatli bo‘lgani, bu tashrif aloqalarning yangi davrini boshlab berganini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekiston yetakchisining “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ilgari surgan takliflari mintaqani barqaror rivojlantirish uchun juda muhimdir.
O‘zbekiston yetakchisining tashrif chog‘idagi barcha uchrashuvlari, jumladan, Yaponiya Parlamenti rahbarlari bilan muloqotlari har ikki davlat qonunchilik organlari hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda do‘stlik guruhlarining rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish muhim masalalar sifatida ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA