Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis avvalida parlament quyi palatasining Spikeri N.Ismoilov mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealarga to‘xtalib o‘tdi:
– 12 fevral kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizni rivojlantirishda muhim tarmoqlardan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligida unumdorlikni oshirish, tannarxni kamaytirish, suvni tejash masalalariga qaratilib, galdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Albatta, mazkur videoselektordan kelib chiqadigan masalalarni va oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilab olishimiz kerak bo‘ladi.
Ma’lumki, o‘tgan hafta “O‘zbekiston-2030" strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi hamda uni tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Fuqarolar loyihalarning muhokamasida faol ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan fikrlari va takliflarini bildirdilar.
Muhokamalar jarayonida parlament vakillari ham faol qatnashdilar. Siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar hamda komissiyalarda loyihalar atroflicha muhokama qilindi. Deputatlar tomonidan saylov okruglarida ham keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.
Deputatlarimiz dastur loyihasini har tomonlama takomillashtirish yuzasidan qator muhim takliflarini bildirdi. Ularda eng avvalo, saylovchilar, shu jumladan, yoshlar va tadbirkorlarning manfaatlarini ifoda etishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan bir qator muhim takliflar ilgari surildi. Jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi qishloq xo‘jaligida agrosanoat klasterlari faoliyatini tartibga solish, kapital bozorini rivojlantirishning qonuniy asoslarini mustahkamlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish taklifi berilgan bo‘lsa, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi maktabgacha ta’lim tizimini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, maktablarda “Tarbiya fani” o‘qitilishini samarali tashkil etish taklifini taqdim etdi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirish, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘rta ta’lim maktablarida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasining qonuniy asoslarini takomillashtirish, Ekologik partiya fraksiyasi esa ekologik nazoratni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, sanitariya-muhofaza va turar-joy zonalarida atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichlari ustidan davlat nazoratini kuchaytirish kabi qator muhim takliflar bildirildi.
Deputatlarimizning fikr va takliflari asosida davlat dasturi loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasi yuzasidan Qonunchilik palatasining takliflari ishlab chiqildi va ishchi guruhlariga taqdim etildi, – dedi Spiker.
Shuningdek, Spiker Qonunchilik palatasi deputatlarining 24-27 yanvar kunlari saylov okruglaridagi faoliyati davomida amalga oshirgan ishlariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA