Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Spiker: Bobur shahri shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘ladi
11:58 / 2025-04-22

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga tashrifi va yurtimiz hayotidagi boshqa muhim voqeliklar xususida to‘xtalib o‘tdi:

— Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi davomida yangi barpo etilgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi xalq saylida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Nutq vodiy ahlining kayfiyatini ko‘tardi, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamladi. Andijonliklarni yangi marralar sari undadi.

Prezidentimiz nutqida inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi ekani qayd etildi.

Betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni dunyoga tarannum etgan buyuk ajdodimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish uchun yangi Andijon shaharchasiga – «Bobur shahri» deb nom berish taklif etildi. Bu taklifni andijonliklar katta mamnuniyat va xursandchilik bilan qo‘llab-quvvatladi. Davlatimiz rahbari ushbu tashabbus orqali nafaqat andijonliklar, balki butun xalqimizning qalbidagi istagini ro‘yobga chiqardilar, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Shubhasiz, Bobur shahri shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi.

Prezidentimiz Andijondagi bunyodkorlik ishlarini hamda hududiy sanoat yarmarkasini ko‘zdan kechirib, hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbarining «Imkoniyatlar olami» hududiy ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrifini alohida qayd etish joiz. Ilk bor Andijonda ishga tushirilgan markazda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilayotgani nafaqat bugungi kun, balki yurtimiz kelajagi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, qurilish va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. 2025 yilda Andijon viloyatida kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 105 trillion so‘mdan oshirish, 305 ming aholini band qilib, 150 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur jarayonlarda parlament a’zolari, ayniqsa, Andijon viloyatidan saylangan deputatlarimizning alohida o‘rni bo‘lishi lozim. Avvalo, ko‘rsatib o‘tilgan sohalarga doir qonunchilikni yanada takomillashtirish, belgilangan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazorati o‘rnatishimiz zarur, — dedi Spiker.

Shuningdek, N.Ismoilov 18 aprel kuni Prezident raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Qonunchilik palatasi mazkur yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan masalalarning amaldagi ijrosini ta’minlashda harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.  

Bundan tashqari, Spiker futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogini qo‘lga kiritib, chempion bo‘lganiga to‘xtalib, ushbu tarixiy g‘alaba barchamizga faxr-iftixor va g‘urur bag‘ishlaganini, Prezidentimiz terma jamoa a’zolariga tabrik yo‘llaganini qayd etdi. Ushbu g‘alaba mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi ekanini e’tirof etdi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA