Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Spektakl ma’naviy dam va jamoaviy birdamlik tuyg‘ularini baxsh etdi
17:17 / 2026-02-25

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi xodimlari uchun navbatdagi “teambuilding” tadbiri doirasida viloyat musiqali drama teatrida “Asl xazina” spektakli namoyish etildi. Mazkur madaniy tashrif xodimlarning ma’naviy-ruhiy barqarorligini mustahkamlash, jamoada sog‘lom muhit yaratish va korporativ birdamlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

Spektakl Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri  aktyorlari ijrosida sahnalashtirildi. Asarda inson hayotidagi eng muhim qadriyatlar — halollik, vijdon, sadoqat va ma’naviy boylik g‘oyalari ta’sirchan badiiy ifoda etildi. Qahramonlar taqdiri orqali moddiy manfaat va ma’naviy tanlov o‘rtasidagi ziddiyat, insonning ichki kurashi va hayotiy qarorlari ochib berildi. Sahna bezagi, musiqiy yechimlar va aktyorlarning mahorati asar ta’sirchanligini yanada oshirgan.

Tadbir so‘nggida Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqova o‘z fikrlarini bildirib, bunday madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:

–  Bugungi spektakl har birimizni hayot qadriyatlari, vijdon va mas’uliyat haqida yana bir bor o‘ylashga undaydi. Adliya organlari xodimlari uchun nafaqat kasbiy bilim, balki yuksak ma’naviyat va mustahkam ruhiy barqarorlik ham muhim. Shu bois, bunday teatr tashriflari jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlikni kuchaytiradi.

Ma’lumki, adliya tizimida xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy hordig‘ini ta’minlash hamda jamoada sog‘lom psixologik muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda teatr, kino, muzey va konsert dasturlariga jamoaviy tashriflar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.

–   Bunday tadbirlar xodimlarga nafaqat madaniy dam olish imkonini beradi, balki ish samaradorligini yuksaltirish, jamoaviy birdamlikni mustahkamlash va xizmat faoliyatiga yanada katta ishtiyoq bilan yondashishni ta’minlaydi,  –   deydi Dilnoza Umrzoqova.

G‘ulom Primov, prO‘zA muxbiri