Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Space Technology Conference STC-2022” xalqaro koonferensiyasining birinchi ish kuni yakunlandi
12:01 / 2022-05-11

Toshkentda “Kosmik texnologiyalar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ularning roli” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir «O‘zbekkosmos» agentligi va Britaniyaning «Dialogue Events Ltd.» kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

Konferensiya dunyoning 20 mamlakatidan kosmik faoliyat  bilan shug‘ullanadigan  110 ta kompaniya va tashkilotlar, shuningdek, mamlakatimizning 30 ta vazirlik va idoralarining  200 nafardan ortiq  ishtirokchilarini bir joyga  to‘pladi. 

Uchrashuv doirasida bo‘lib o‘tgan uchta sessiyada “Markaziy Yevroosiyoda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun  kosmik texnologiyalaridan foydalanish”, “Yerni masofadan zondlash texnologiyalari sayyoramiz resurslaridan samarali foydalanish va boshqarishda harakatlantiruvchi kuch sifatida”,  “Yangi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari: ularni loyihalash, ishlab chiqarish, ishga tushrish” kabi mavzular muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov o‘zining tabrik nutqida  mazkur konferensiya mamlakatimizning axborot texnologiyalar sohasida mintaqaviy markaz bo‘lish yo‘lidagi birinchi qadamidir, deb ta’kidladi. “«O‘zbekkosmos»  agentligi yaqinda tashkil etilgan bo‘lsa-da,  uning maqsadlari ulkan. Raqamlashtirish jarayoni kosmik texnologiyalar bilan integratsiya qilinsa, bu maqsadlarda erishish yanada tezlashishi shubhasiz”, -  dedi vazir. 

[gallery-7034]

“Men O‘zbekistondagi hamkasblarim bilan uchrashish imkoniga ega  bo‘lganimdan xursandman. “O‘zbekkosmos”  agentligi bilan aloqalarga katta e’tibor qaratayapmiz. Albatta, samarali natijalarga erishish uchun yonma-yon borishimiz kerak”, - deydi  Turkiya Kosmik agentligining  prezidenti Serdar Yildirim O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. 

“O‘zbekkosmos”  agentligining bosh direktor vazifasini bajaruvchi  Shuhrat Qodirovning qayd etishicha,  ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy   maqsad – davlat organlari, vazirlik va idoralar, mamlakatimizdagi yirik kompaniyalarga geofazoviy ma’lumotlardan foydalanish va undan olingan natijalar haqida ma’lumot berishdir. “O‘zbekkosmos”  agentligi   kosmik texnologiyalardan foydalangan holda, birinchi navbatda,  xalq xo‘jaligi, mudofaa va xavfsizlik sohalarida  tezkor natijalarga erishishni rejalashtirishgan. 

Bu borada  mahalliy va xorijiy  universitetlar va kompaniyalarda kadrlar tayyorlanmoqda va qayta tayyorlanmoqda. Xalqaro  tajribani o‘rganish me’yoriy-huquqiy hujjatlarga  tegishli o‘zgartishlar kiritish imkonini beradi. Hozirda  sun’iy intellekt yordamida mavjud resurslarni tarmoqlar bo‘yicha inventrizatsiya qilib, modellashtiradigan tajriba dasturlari ishlab chiqilgan. 

Gulruh Abdullayeva, O‘zA