“O‘zkimyosanoat” AJ xalqaro nufuzga ega “S&P Global” agentligining ESG (ekologik, ijtimoiy va boshqaruv) reytingini olgan birinchi o‘zbek kompaniyasiga aylandi.
“S&P Global”tahlillariga ko‘ra, kompaniyaning ESG ko‘rsatkichi 29 ballga teng bo‘ldi. Agentlik “O‘zkimyosanoat” AJning biznes axloqi, shaffofligi, korporativ boshqaruvi hamda mehnat xavfsizligi va xodimlar salomatligini himoya qilish yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
Mazkur reyting kompaniyaning barqaror rivojlanish va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga sodiq ekanini tasdiqlaydi. ESG reytingi xalqaro hamkorlar va investorlar ishonchini mustahkamlash bilan birga, barqaror investitsiyalarni jalb qilish, “yashil” loyihalarni moliyalashtirish va xorij bozorlariga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, yaqinda mazkur tashkilot “Fitch Ratings”ning BB- xalqaro reytingiga ham ega bo‘lgan edi. Kompaniya ESG yo‘nalishidagi islohotlarni davom ettirib, barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan faoliyatini yanada kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA