Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni Samarqandda ham keng nishonlandi.
Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tantanali marosimga samarqandlik jurnalist va blogerlar, matbuot kotiblari va matbaachilar, soha faxriylari taklif etildi.
Dastlab ijodkor shahardagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida ulug‘ alloma haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev dramasi asosida sahnalashtirilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” spektakli namoyish etildi.
Shundan so‘ng o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev tadbir ishtirokchilarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning mehnatini e’tirof etdi.
– Sizlar faqat xabar va yangiliklarni yetkazuvchi emas, balki yurtimizdagi voqea-hodisalarni xalqqa, xalqning dardini esa davlatga yetkazuvchi halollik, xolislik va jasorat timsolisiz – dedi A.Boboyev. –Ushbu mas’uliyatli va sharafli kasbdagi sof niyat va halol mehnatingiz har qancha e’tirofga loyiqdir. Bugungi raqamli asrda har bir axborot tezlik bilan tarqalayotgan paytda haqqoniy, aniq va xolis ma’lumotlarni tarqatish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotga qarshi kurashish, jamiyat ongini xatarlardan himoya qilish siz, jurnalistlarning zimmangizdagi burchdir. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining bugun sizlarga yo‘llangan tabrigida qayd etilganidek, jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyoslasak, o‘rinli bo‘ladi.
Marosimda bir guruh jurnalist va bogerlar, axborot xizmatlari xodimlari va matbaachilar viloyat hokimligining tashakkurnomasi, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Bugun hayotimizda internet, zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni va roli oshib borayotgan bir paytda tuman gazetalari ham nashr etilib, yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayonlarini keng yoritib bormoqda, – deydi “Bulung‘ur hayoti” gazetasi muharriri, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi G‘ulom O‘rolov. – Jumladan, bizning gazetamiz har hafta muntazam chop etilib, unda tuman hayotini aks ettirishga harakat qilyapmiz. Ayni chog‘da faqat axborot berish emas, ko‘proq joylardagi o‘zgarishlar, islohotlarga to‘siq bo‘layotgan omillarni tahlil etishga intilyapmiz.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va viloyat hokimligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari