English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘zlarning saralarin saylagan shoir
18:00 / 2020-12-11

Shoir Shavkat Rahmonning 70 yilligiga

 Shavkat Rahmon mansub 70-yillar avlodiga istiqlol sog‘inchini baland pardalarda kuylash nasib etgan. Men bekorga “nasib etgan” demadim. Zero, yaxshi ma’lumki, istibdod deganlari eng avval so‘z va fikr erkinligini bo‘g‘adi. Ammo, qancha qudratli bo‘lmasin, istibdodning umri boqiy emas, chunki u inson tabiatiga zid. Bas, uning umrida ham bolalik, yoshlik, yetuklik va keksalik pallalari bor. 70-yillar avlodi istibdod o‘zining keksalik pallasiga kirgan vaqtda maydonga tushdi. Ya’ni bu avlodning ijodiy o‘ziga xosligini belgilagan ijtimoiy-psixologik omillar haqida gapirganda, menimcha, eng avval, jamiyatda g‘oyaga ishonchning so‘nishi, mamlakatning “turg‘unlik” deb atalgan davrga kirishini ko‘rsatish lozim bo‘ladi. Zero, ayni shu avlod mazkur o‘zgarishlarni juda o‘tkir his etgan. Chunki bu avlod vakillari jamiyatda fasl almashgan o‘sha 56-yilda endigina maktabga borgan, “ijtimoiy bahor” kayfiyatiga yarasha saboqlar tinglagan, shuning nafasi ufurib turgan darsliklaru gazeta-jurnallarni mutolaa qilgan, radio-televideniye orqali yer yuzidagi “jannatdan reportaj”larni tinglab-tomosha qilib ulg‘aygan. Va shu bois ham bu avlod o‘zi to‘qnash kelgan hayot bilan g‘oyaning, so‘z bilan amalning bir-biriga nomuvofiqligini 60-yillar avlodiga nisbatan teranroq his qilgan. Shuning uchun ham 60-yillar avlodining ilk ijodida faoliyatga tashnalik, “qurish, yaratish” ishtiyoqi ustuvor bo‘lgan esa, 70-yillar avlodning ilk ijodida o‘zgacha kayfiyat kuzatiladi. Zero, bu avlod ijoddagi ilk qadamlaridanoq kuchli ijtimoiy dard bilan og‘ridi, buni Shavkat Rahmon “Yurakning eng chuqur joyida Og‘riqqa aylangan tuyg‘u” deya ifodalaydi. Tuyg‘uning ismini esa shoirning ilk to‘plamiga ochqich qilib olingan to‘rtlikdan bilib olamiz:

Joylashgansan shunchalar chuqur...

O‘z tubiga yashirgan yurak.

Senga yetib bormoqlik uchun

Uzun umrim yetmasa kerak.

1975 yilda yozilgan to‘rtlikning “Vatan” deb nomlangani bejiz emas, og‘riqli tuyg‘ularning bari shu tushuncha bilan bog‘liq. Ayni shu davrda yozilgan boshqa bir she’r lirik qahramoni esa “kechalar og‘riqdan ingrab yotishi”ni aytarkan, “o‘sha og‘riqni beg‘am, bo‘g‘riqqan – Og‘riqsiz yuzlarga otaman” deb aytadi. Kim ular – “og‘riqsiz yuzlar” kim? Axir, she’r umumga murojaatdan boshlangan:

 Ko‘zingizni oching, qo‘rqmang,

Ziyodan qamashsin, og‘risin, mayli.

Mayliga yashamoq bo‘lsin qiyinroq –

 Ochiqligi tufayli .Shoirning xitobi aksariyat zamondoshlariga – to‘qlikdan bo‘g‘riqqancha turish-turmushidan mamnun, atrofida yuz berayotgan hodisalarga loqayd qarab yashayotgan kishilarga qaratilgan. Aslida, bu “uyg‘onish”ga da’vat, tariximizdagi milliy uyg‘onishning ikkinchi to‘lqinidan taralgan sas edi. Sirasi, 70-yillarda jamiyatimizda yuzaga kelgan holat bir paytlar jadidlar g‘aflat, jaholat deb atagan sharoitning boshqacha bir ko‘rinishi edi. Go‘yo hammasi yaxshidek: yurt tinch, elning qorni to‘q, turmush borgan sari farovonlashib borayotgandek... xullas, yashashdan murod shugina bo‘lsa, indamaygina yashayversa bo‘ladigan. Lekin “ko‘zi ochiq” kishilarga – Vatan, millat, til, e’tiqod kabi tushunchalar haqida o‘ylashga qobil kishilarga yashash haqiqatan ham qiyinlashib borayotgan, mavjudlik yurakda og‘riq hosil qilayotgan palla edi bu. Millatning iste’dodli va albatta ko‘zi ochiq kishilari sifatida bu avlod shoirlarining mavjud holdan ko‘ngli to‘lmaydi, aksincha, yuraklaridagi dard cho‘nglashib boradi. Mazkur ijtimoiy hol-kayfiyat Shavkat Rahmonning “Baxtiyorman degan birgina so‘zni ... bir umr aytmay yashadim” degan so‘zlarida o‘zining yaqqol ifodasini topgan. Zero, bu so‘zni “elning baxti uchun umrin tikkan shoirlar” birinchi bo‘lib aytmasligi kerak. Faqat eli-xalqi to‘laqonli baxtiyor bo‘lganidagina shoir bu so‘zni aytishga haqli bo‘ladi. Ya’ni bu so‘zlarda Sh.Rahmonning hayotiy va ijodiy pozitsiyasi jamuljam. Masalaning bu tarzda qo‘yilishi bejiz emas: 70-yillarning o‘rtalarida she’riyatimizga yangi nafas olib kirgan 60-yillar avlodi ham depsinib qolgan. She’riyat keyingi odimni tashlay olmay taraddudlanib qolgan pallada bu vazifani 70-yillar avlodi o‘z zimmasiga oldi.  

 E’tiborli jihati shuki, 70-yillar avlodi ilk ijodidayoq o‘z g‘oyaviy-estetik pozitsiyasini aniq belgilashga intiladi. Shu sababli shoir qismatiyu vazifasi, she’r va shoirlik mavzusida talaygina she’rlar yaratildi. Avval

o shuki, bu avlod shoirlikni qismatgina emas, yashash tarzi deb bildi. Bu shunday yashash tarziki, dunyoda yuz berayotgan har neki bo‘lsa, shoir yuragida sado bermog‘i, shoir bularning bari uchun o‘zini mas’ul his qilmog‘i darkor. Jumladan, Sh.Rahmon 1974 yilda yozilib, rus shoiri Ye.Yevtushenkoga bag‘ishlangan she’riga xuddi shu fikrni singdiradi:  

 Orom bermas har lahza, har dam,  

O‘zingizni sevmassiz bukun –

Haqqingiz yo‘q, endi har odam

Javobgardir majruh yer uchun.  

Oradan ko‘p o‘tmay Pablo Nerudaga bag‘ishlangan she’rida Shavkat Rahmon bu fikrni yanada chuqurlashtiradi, shoirlik va yashamoq so‘zlarini bir-biriga ma’nodosh (sinonim) sifatida talqin qiladi:

 Shoirman –  

Boraman zulmatga tikka.  

Sira ham haqqim yo‘q bukun dunyoda  

Shoir bo‘lmaslikka,

Yashamaslikka!  

Demak, uning nazarida yashamoq va shoirlik so‘zlari ma’nodosh, ikkisining ham mohiyati zulmatga qarshi borish, befarq bo‘lmaslikdadir. Ya’ni bu o‘rinda yuqorida aytilgan “ko‘zi ochiq” holda yashashlik shoirga qo‘yilayotgan eng birlamchi shart sifatida tushuniladi.  

 Bungacha ko‘rib o‘tdikki, XX asr o‘zbek she’riyatidagi barcha avlodlar adabiyotni kurash maydoni deb bilgan. 70-yillar avlodi ham bundan istisno emas. Faqat uning kurash maqsadi o‘zga. Xususan, Xurshid Davron “Adabiyot – ona xalq uchun, Vatan uchun, sevgi uchun jang” deb yozadi. Sh.Rahmon esa “Yosh o‘zbek shoirlariga” nomli she’rida kurash maqsadini bunday aniqlashtiradi:

 So‘zlarni qayraylik,

do‘stlar, jo‘ralar,

g‘aflat to‘shagida yotmay shoshaylik:

yashamoq, kurashmoq, o‘lmoq sirlarin

bolakaylar uchun ochaylik.  

Bitta dunyo qolsin mustahkam

unga posbon bo‘lsin o‘tkir she’rimiz,

tokim bu daryolar bemalol oqsin

bolalarga qolsin jannat yerimiz.  

Albatta, 80-yillar avvalida istiqlol g‘oyasini bundan-da ochiq ifodalash mushkul edi. Qolaversa, “bolalarga qolsin jannat yerimiz” deganida shoir mustaqil O‘zbekistonni nazarda tutayotganini anglash ham qiyin emas. 70-yillar avlodi salaflari jur’at topganida o‘z-o‘ziga shivirlab, aksar esa ichidagina aytolgan gaplarni hayqirib aytishga imkon topdiki, bu uning ilg‘orida turgan shoirlarga xos jasoratdan darak beradi. Sirasi, 70-yillar oxiriga kelib bu ularning anglangan ijodiy prinsiplaridan biri bo‘lib qolgandi ham. Sh.Rahmonning:  

 Hayotim ma’nisin juda ko‘p o‘ylab,  

sayladim so‘zlarning  

saralarini.  

Har bir so‘z  

yuz so‘zning o‘rnini bosar:

Vatan Xalq Jasorat Kurash Ozodlikdeb yozishi buning yorqin dalilidir.  

 70-yillar avlodi ijodida Vatan mavzusi yetakchi o‘rin tutadi. Shu jihati bilan bu avlodni o‘zidan oldingi avlod boshlab bergan an’ananing davomchisi sifatida tushunish mumkin. Ayni choqda unda mavzuning talqini salaflardan o‘zgacharoq. Menga qolsa, bu avlodning Vatanga muhabbati og‘riqliroq degan bo‘lardim. Xo‘sh, bu og‘riq nimadan? Uning ijtimoiy-psixologik ildizlari qaydan oziqlanadi? Menimcha, buni anglash uchun 60-yillar avlodi bilan qiyoslab ko‘rish kerak bo‘ladi. A.Oripov va E.Vohidovlar Vatanga muhabbatni baralla izhor etishdi, uning buyuk o‘tmishi tufayli tuygan faxru iftixorni imkon darajasida ifodalay olishdi. Vatan haqida mushohada etganlarida ularning dilidan ham gohi-gohida og‘riq simillab o‘tgan. Xususan, A.Oripovning “million egatlarga sochilgan o‘zbek”, “rangpar singil” haqidagi og‘riqli mushohadalari buning yorqin dalili. Biroq ularda bu og‘riqning daf’i uchun samarali dori – Vatanning porloq istiqboliga ishonch bor edi. Mayli, bu ishonch sho‘ro ko‘zlagan maqsad bilan mushtarak bo‘lsin, mayli, ba’zi-ba’zida susayib dillariga iztirob solgan bo‘lsin, baribir, ishonch bor edi. 70-yillar avlodi maydonga kirgan vaqtga kelib bu ishonch chilparchin bo‘lgan, endi Vatan, uning o‘tmishi, hoziri va kelajagini qayta boshdan tafakkur va qalbdan o‘tkazish taqozo etilardi. Sh.Rahmon yuqorida eslatilgan “Vatan” nomli to‘rtligida “Joylashgansan shunchalar chuqur... O‘z tubiga yashirgan yurak. Senga yetib bormoqlik uchun Uzun umrim yetmasa kerak” deyishi shundan. Ehtimol, bir qarashda bu so‘zlar shoirona lutf, navqiron yigirma besh yoshdagi iste’dod sohibining Vatanni anglashim uchun umrim yetmasligi mumkin, degan iqrori mubolag‘adek tuyular,balki. Lekin oradan qariyb o‘n yil o‘tib Sh.Rahmon “Sendan-da ulug‘roq narsa yo‘qligin Sochim oqarganda angladim, Vatan!” deya xitob etadi. Ha, “sochim oqarganda” deganida u 34 yoshda edi, bu esa hali navqiron yosh. Shunga qaramay, «sochim oqarganda»

deyapti, chunki Vatanni yanayam avvalroq anglash kerak edi.Zero:  

 anglasam loaqal o‘ttiz yil avval,

loaqal tug‘ilmay turib anglasam...

Ko‘rgan bo‘larmidim seni mukammal.  

Bir qarashda “tug‘ilmay turib anglasam” degani mantiqqa xilofdek yoxud mubolag‘adek ko‘rinadi. Tuzukroq nazar solinsa, parchadagi birinchi va ikkinchi misralarning o‘zaro bog‘lanishida ham mantiq buzilgan: ularning o‘rin almashgani mantiqan to‘g‘riroq bo‘lardi. Nahotki, shoir shuni payqamadi? Yo‘q. Bu yerda atayinlik bor, alogizm yordamida o‘quvchi diqqatini jalb etishga harakat bor. O‘qish jarayonida shoir “men”i har bir o‘quvchiga ko‘chishi e’tibor qilinsa, bu yerdagi o‘ziga murojaat xalqqa murojaatning o‘ziga xos yo‘li ekani ayon bo‘ladi. Ya’ni, mantiqiy g‘alizlik yoshidan qat’i nazar, har bir o‘quvchining she’rdagi o‘y-hislarni “meniki” deb qabul qilishiga zamin hozirlaydi. Va har bir o‘quvchi Vatanni mukammal ko‘rmayotgani uchun avvalo o‘zini javobgar deb his etadi. Demak, bunga avvalo ifoda usuli deb qarash joiz. Ayni choqda, Sh.Rahmonning ilk kitobiga ochqich bo‘lgan «Vatan» nomli to‘rtligidan tortib oxirgi – “Ayt, ey, xasta bulbulim, O‘shga qachon yetamiz” deb boshlanuvchi she’riga qadar Vatan haqida, unga bo‘lgan muhabbatu taqdiriga qayg‘urishdan tug‘ilgan desak, yanglishmaymiz. Jumladan, shoirning biron-bir o‘rinda Vatan so‘zi ishlatilmagan ko‘plab she’rlari ham mohiyatan ona diyorning u yoki bu shakl va tarzdagi tarannumi deb qaralishi mumkin.70-80-yillarga kelib birmuncha mo‘’tadillashgan siyosiy-mafkuraviy iqlim sharoitida sobiq imperiyada ko‘zi ochiq, haqiqatparvar ziyolilarning, ayniqsa, ijodkorlarning adabiyot va san’atning o‘zga sohalari vositasidagi umumiy katta yolg‘onga qarshi kurashi yangi bosqichga ko‘tarildi. Shavkat Rahmonlar avlodining Haqiqat, Vatan, Jasorat, Ozodlik haqida kuylay boshlashi ana shu katta kurashning bir parchasi o‘laroq namoyon bo‘ldi. Buning uchun tarixiy asoslar ham mavjud bo‘lib, bu asos, avvalo, jadidlarning Vatan ozodligi yo‘lidagi kurashlari bilan, xususan, Cho‘lpon bilan, uning isyonkor she’riyati bilan, E.Vohidov, A.Oripov va R.Parfilar an’analarini davom ettirish bilan bog‘liq edi. Inchunun, Cho‘lpon va Sh.Rahmonlar she’riyatidagi hamohanglik aynan shu yerdan tug‘ildi. Ular ijtimoiy dardni kuylash nuqtai nazaridan bir-biriga yaqinlashib keladi. Biroq ularda tafovutli jihatlar ham mavjud: Cho‘lpon she’riyatida hamma narsa aylanib kelib yurt ozodligi muammosiga taqalaveradi. Unda hatto gul va yor haqidagi she’rlar ham oxir-oqibat Vatan hurligi haqidagi orzu-armonlarga yo‘g‘rilib ketaveradi. Ya’ni Cho‘lpon she’riyati o‘zining ibtidosidan intihosigacha asosan yurt ozodligi qayg‘usiga bag‘ishlangandir. 70-yillar avlodining bosh qayg‘usi ham shu, lekin unga Haqiqat va Jasorat zinalari orqali chiqiladi. Ya’ni maqsadga yetmoq uchun, Shavkat Rahmon yuqorida eslatilgan she’rda da’vat qilganidek, har qancha qiyin bo‘lsa-da, “ko‘zni ochib” – haqiqatga tik boqib yashamoq talab etiladi. Ayni shu narsa ko‘p jihatdan bu avlod she’riyatining mavzular doirasi va g‘oyaviy yo‘nalishini belgilab berdi.  

 Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, she’riyatimizga 70-yillarda kirib kelgan avlodning ijodiy faoliyati uzoq vaqt adabiyotmizni o‘z iskanjasiga olgan mafkura tazyiqidan birmuncha erkin tarzda boshlandi va 80-yillar o‘rtalaridan boshlab undan, asosan, xalos bo‘lib bordi. 70-yillar avlodi yurtimizdagi mavjud holat, xalqning foje ahvoli, o‘tmishi va kelajagiga yangicha nazar soldi. Shuning natijasida bu avlod, salaflaridan farqli o‘laroq, Vatan istiqbolini kommunizm g‘oyasi bilan bog‘liq holda ko‘rmadi. Aksincha, u g‘oya o‘z umrini yashab bo‘lganini, rasmiy mafkura shiorlari bilan haqiqiy holat orasida tubsiz jar hosil bo‘lganini teran his qildi va shuning natijasida yurtining istiqbolini istiqlol bilan bog‘liq holda tasavvur qila boshladi.

 Jamiyatda hokim mafkuraning asosi bo‘lgan sotsializm g‘oyasiga ishonch susaygan va keyincha “turg‘unlik davri” deb atalgan davr qator jihatlari bilan jadidlar “g‘aflat, jaholat” deb atagan sharoitga o‘xshash edi. Mavjud ahvolni teran badiiy idrok etgan bu avlod o‘zining asosiy vazifasini xalqni “uyg‘otish”da deb bildi. Va bu maqsadga erishish uchun jamiyatdagi maddalab borayotgan illatlarni ochib ko‘rsatdi, xalqning foje ahvoli va buning asl sabablaridan bahs yuritdi, o‘quvchilarni bu haqda fikrlashga yo‘naltirdi, shunga o‘rgatdi.

Shu ma’noda 70-yillar avlodi adabiyotimizdagi milliy uyg‘onishning ikkinchi to‘lqinidir.

Ulug‘bek Hamdamov,Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori.

 

O‘zA