Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘zga, she’rga, ijodga sadoqat timsoli — Tesha Saydaliyev
18:21 / 2026-01-14

Surxondaryolik shoir Tesha Saydaliyevning ijodiy izlanishi boshqa ko‘pgina qalam ahli faoliyatida yuz bergandek, maktab partasida boshlandi. Farqi shuki, o‘sha maktab o‘quvchisining birinchi she’riyoq respublika gazetasida, ko‘rinarli sahifada e’lon qilindi, kishining qobiliyati uchun bundan ham katta ishonch bormi?!

Ha, uning dastlabki she’ri yoshlar gazetasida chop etilgandi. Bu unga yuqori kayfiyat, jo‘shqin ehtiros, g‘urur, o‘z ishiga ishonch, baxsh etganidek, talabalik mas’uliyatini ham yana bir bor oshirdi. Shunday o‘qidiki, o‘sha yili Termiz shahridagi “Pravda” maktabini oltin medal bilan tugatdi. Alisher Navoiy nomli Samarqand Davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi.

Shoir eng haroratli asarlarini asosan talabalik yillarida bitdi. Samarqand va uning odamlarini tarannum etgan “Yoshliging”, “Samarqand himmati”, “To‘yda”, “Atalgan so‘zlar”, “Yonma-yon”, “Bir kun gul g‘unchasini taqib o‘tding sen” kabi she’rlari, uning “Ajoyib kishilar” turkumi shu yerda yaraldi. O‘quvchilarga birinchi she’rlar to‘plami “Tuhfa”ni shu yerda taqdim etdi shoir. Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga ham shu yerda qabul qilindi. Chunki, o‘smirlik va navqiron umrining asosiy qismi shu yerga to‘g‘ri keldi. Tahsil olish bilan birga ishladi. SamDUni tugatgach, viloyat gazetasida ijodiy xodim bo‘lib mehnat qildi. Bu yerda uning ajoyib safdoshlari, maslahatdoshlari bor edi. 

D.Fayziy, N. Narzullayev, B.Boyqobilov, X.Karimov, S.Oripov kabi shoirlar, S.Mirzayev, X.Doniyorov, N.Nuriddinov, N.Karimov, S.Shermuhamedov kabi olimlar davrasining faol ishtirokchisi bo‘ldi. Bu yerdan osonlikcha ko‘ngil uzib keta olmadi. Qachonki, ona shahri – Termiz uni o‘zida ishlashga chaqirganda bu taklifni ham rad etolmadi. 

Shoir 60-yillarning boshlarida Termiz shahriga viloyat gazetasiga ishga keldi. Adabiy harakatchilikni boshlovchilardan biri sifatida yosh ijodkorlarga ko‘maklashdi. 

Tesha Saydaliyev gazetada ishlash bilan bir vaqtda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limiga mas’ul kotiblik vazifasiga tayinlandi. Bu vazifada umrining oxirigacha mehnat qildi. Shoirning asarlari ko‘pgina yozuvchilar va adabiyotshunos olimlar tomonidan tadqiq qilingan. 

Adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinovning e’tiroficha, Tesha Saydaliyevning ko‘p she’rlarida ... jo‘shqin lirizm kuchli ehtiros va chinakam yoshlik temperamenti bilan qo‘shilib ketgan. Bu jihatdan ayniqsa, uning “Qayna yurak” she’ri diqqatga sazovor. Shoir bu she’rida ham boshqa she’rlaridagi kabi soddalikka intiladi. Murakkab va mavhum metaforalar qidirmaydi, she’rga tumtaroq bezak bermaydi. Ammo u shunday jo‘shqin va haroratli misralar tuzadiki, ulardagi jo‘shqinlik yuksak poetik kayfiyat tug‘diradi.

– Tesha Saydaliyev uchun xos xususiyatlardan biri shundaki, – deb yozgan edi uning “Tuhfa” she’rlar to‘plami haqidagi taqrizida filologiya fanlari doktori M.Yunusov. – U ba’zi yoshlarda uchragani kabi biror munosabat tufayli she’rlar yozmay, o‘zini to‘lqinlantirgan, qattiq hayajonga solgan hodisalar to‘g‘risida yozadi.

Bu – bir jihatdan haq gap. Shoir nimasi bilandir nigohini tortgan narsalarni uzoq kuzatadi, tekshiradi: muhim shtrixlarni nomuhimlaridan ajratadi, farq qiladi, mavzuning ahamiyatini aniqlagach, sodda, ixcham bandlarda o‘z hissiyotlarini naqshlaydi.

Ijodkor 1972 yil 13 oktyabrda bir kam qirq yoshida olamdan o‘tdi.

Shoirning arxividan “Laylining maktublari” degan qissa qo‘lyozmaligicha topildi. Buning ustiga u hali tugallanmagan ekan. Ayrim boblarini gazetxonlarga taqdim etgan viloyat gazetasining sharhlab yozishicha, shoir bu asarni yozishga astoydil kirishgan. Ijodda o‘ziga ma’lum darajada malaka, tajriba paydo bo‘lganligiga ishonch yaralgandan so‘nggina epik asarlar yozishni boshlagan. Xat formasida tarkib topgan mazkur qissada Laylining hayotga bo‘lgan munosabati, o‘zini tutishi, qobiliyati xatdan-xatga o‘tgan sari ochilib boradi. Yozuvchi ikki yoshning sevgisi bahonasi bilan hayotiy masalalarni o‘rtaga tashlar ekan, poyoniga yetkazmasdan chala qolgan arxivdan Laylining bor-yo‘g‘i 20 xati topildi.

Muallif asarni bundan keyin qanday tartibda davom ettirmoqchiligi noma’lum. Ma’lumi shuki, “Laylining maktublari”dan birida Majnunning maktublari ham eslatilgan. “Majnunning maktublari” kompozitsion qanday qurilmaga ega bo‘lishi kerak edi, bu haqda ham muallifning niyati noma’lum. Ma’lumi shuki, uni Laylining xatlari bilan birlashtirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Tesha Saydaliyev merosini o‘rganish lozim, bu shuning uchunki, u 50-yillar adabiyotini o‘rganishda bir pog‘onadir.

Toshtemir Turdiyev,

O‘zbekistonda Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

Denov tumani ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi rahbari.