Qarshi shahrida joylashgan 2-ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlar pedagog – Nodira Usmonovaning mehrli nigohi ostida yangi so‘zlarni o‘rganadi. Bu bolalar oddiy emas – ularning har biri nutqida nuqson bilan tug‘ilgan, ayrimlari esa bolaligidan nogironlik holatida. Ammo bu devorlar orasida nogironlik emas, imkoniyatlar tilga olinadi.
Kasb emas – hayot tarzi
Nodira Usmonova – logoped, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, 30 yildan ortiq vaqtini bolalarning ovoziga, talaffuziga, nutqiga bag‘ishlagan. U har bir harf, har bir tovush ortida jajji qalblarning dunyo bilan aloqa qilish orzusi borligini biladi. Uning har ish kuni ertalabki mashg‘ulotdan tortib, kechki individual terapiyalargacha davom etadi. Har bir bolaga alohida yondashuv, sabr, pedagogik mahorat va eng muhimi – mehr kerak.
– Ba’zan bir so‘zni o‘rgatish uchun bir oy vaqt ketadi, - deydi qahramonimiz. – Ammo o‘sha so‘z mashaqqati bolakayning ko‘zlarida porlagan birgina quvonch sabab unutiladi.
Mashaqqat ortidagi jasorat
Logopedning ishi ko‘pchilik o‘ylagandek faqat talaffuzni to‘g‘rilash emas. Balki, nevrologik muammolar, psixologik to‘siqlar, ijtimoiy cheklovlar bilan kurashish kasbi hamdir. Nodira opa har bir tarbiyachini o‘qitish jarayonida ularning oilasi bilan ham ishlaydi. U ota-onalarga farzandlarining imkoniyatlarini tushuntiradi, umid beradi.
[gallery-25475]
Mukofotlar emas, natijalar muhim
Do‘stlik ordeni – uning mehnatiga berilgan yuksak baho. Ammo Nodira opa uchun eng katta mukofot – bolaning “Ona” degan so‘zni ilk bor aytgan lahzasi. Bu lahza ko‘p yillik mehnat, ko‘z yosh va sabrning mevasidir.
Kelajak sari ishonch
Bugun Qarshidagi bu muassasa nafaqat logopedik yordam markazi, balki umid va ishonch makoniga aylangan. Nodira Usmonova kabi mutaxassislar tufayli jamiyatda nogironlikka emas, insoniylikka e’tibor kuchaymoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-O4C7ZKkWt0" title="So‘zga hayot baxsh etgan ayol" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid NORQOBILOV (surat, video), O‘zA