Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘z zalvori
13:18 / 2026-01-19

O‘zbek millati ma’naviyati shu qadar yuksakki, har narsada bir hikmat ko‘radi. Shuning uchun ham ajdodlarimiz qoldirgan ibrat yo‘li butun dunyoga taraqqiyot xaritasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shubhasiz, chuqur tafakkur qilmay turib hech bir narsaning mohiyatini anglash imkonsiz. Shu ma’noda dono xalqimiz tafakkuri mahsuli bo‘lmish maqol va hikmatlar bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan.  

Xususan, so‘z qadri va uning zalvorini yaxshi anglagan ulug‘ ajdodlarimiz bizni ham bu borada ogohlikka chorlashgan. “Aytilgan so‘z, otilgan o‘q”, degan maqol bejiz aytilmagan. Negaki, muqaddas kitoblarda ham so‘zlashda ehtiyot bo‘lib so‘zlash lozimligi, so‘z hatto inson taqdiriga ta’sir o‘tkazishi ta’kidlangan.

“So‘zni bilib so‘zlovchi kishilar ham ko‘pdir, bunday kishilar mening nazdimda juda ham qadrlidirlar”, degan edi buyuk bobokalonimiz Yusuf Xos Xojib.

Insonni boshqa yaratiqlardan afzalliklaridan biri shubhasiz uning nutqidir. Shuning uchun ham bu ne’matni Shirin so‘zlar bilan bezamoq maqsadga muvofiq.

–Lug‘atimizda duo va qarg‘ish so‘zlari bor. E’tibor bersangiz, har ikkisi kishida har xil kayfiyat uyg‘otadi. Qarg‘ish kishiga zarar yetkazsa, duo ko‘kartiradi. Shuning uchun so‘zning yukini faqatgina shoir-yozuvchilargina emas, balki har kim ham his etmog‘i shart, – deydi iste’dodli shoir Dilshod Rajab.

Garvard universitetida 70 yil mobaynida 250 million dollar sarflab olib borilgan tadqiqod natijasi eng baxtli insonlar - kishilar bilan yaxshi muomalada bo‘ladiganlar, degan oddiy xulosani beradi. Ko‘rinib turibdiki, hayotimizni xush muomalalik bilan yanada go‘zallashtirsak, sog‘lom muhit va yuksak jamiyat shakllantirishga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Sherbek Islomov,

O‘zA