Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘z sehriga shaydo qalblarni maftun etgan shoirlar (+video)
18:33 / 2024-02-05

O‘zbek adabiyoti xazinasini XX asrda sara she’r va dostonlari bilan boyitgan ikki ijodkor: Hamid Olimjon hamda Zulfiyaxonim nomi hamisha alohida e’tirof etiladi.

Hamid Olimjon sevimli o‘zbek shoirlaridan biri bo‘lib, ijodida o‘ziga xos tili, she’rlari va dostonlarida tuyg‘ularini o‘zgacha ifoda eta olishi bilan ajralib turgan. Olamdan erta ko‘z yumgan shoirning nomi Toshkentdagi metro bekatlaridan biriga berilgan. Adiblar xiyobonida ham shoirga alohida haykal o‘rnatilgan.    

Hamid Olimjonning turmush o‘rtog‘i, hassos she’riyati bilan millionlab chin so‘z sehriga shaydo qalblarni maftun etgan Zulfiyaxonim 1996 yilning 1 avgustida vafot etgan. Turmush sinovlari va adabiyot osmonida kechgan shoiraning hayot yo‘li bugungi avlodlar uchun chinakam sadoqat va vafo timsoli bo‘lib kelmoqda.  

Bu ikki ijodkorning boy madaniy merosini yoshlarga tanitish maqsadida maktab hamda oliy o‘quv yurtlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan muddatli harbiy xizmatchilar, Jizzax shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida adabiy badiiy kecha o‘tkazildi.  

Unda so‘zga chiqqanlar yoshlarga jadidchilik harakati, jadidlarning olib borgan ishlari hamda bugungi kunda davlatimiz tomonidan ularning yorqin xotirasiga ko‘rsatilayotgan ehtirom  xususida ma’lumotlar berdi.  

O‘quvchilar tomonidan bahru baytlar aytildi.    

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim muzeyiga tashrif buyurib, u yerdagi eksponatlar bilan tanishdi.  

Talabalar tomonidan jadidchilik harakati xususida qo‘yilgan sahna ko‘rinishi namoyishi barchaga birdek manzur bo‘ldi.    

Ushbu adabiy badiiy kecha o‘quvchilar va talabalarning ma’naviy ongini oshirish, adabiyotga qiziqishini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.  

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/NAWcFVD2UoE" title="Soʻz sehriga shaydo qalblarni maftun etgan shoirlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, A.Ahmedov (video)  

O‘zA