Ustoz ijodkor, atoqli yozuvchi, davlat va jamoat arbobi Xayriddin Sultonning asarlari sodda, ravon, jaydari tili, oddiy odamlar hayoti, dardu tashvishlarini boridek aks ettirgani bilan kitobxonlar mehrini qozongan. Bu asarlarda hasham, balanparvozlik, sun’iylikni uchratmaysiz.

Muallifning hikoyasi bo‘ladimi, qissa yoki romanmi yoxud publitsistik maqolasimi, haqiqatning ustuvorligi, xalqchilligi, tarixiy asosga tayangani bu asarlarning jozibadorligini ta’minlaydi.
Xayriddin Sulton 1956 yil 19 yanvar kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida tavallud topgan. 1978 yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini “Guliston” jurnalida boshlab, keyin “Yoshlik” jurnalida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida faoliyat ko‘rsatdi.
Xayriddin Sulton – nasrda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor asos solgan ijodiy maktabning vakili. Talabalik yillaridayoq badiiy ijod bilan jiddiy shug‘ullangan qalamkashning dastlabki hikoyasi XX asrning yetmishinchi yillarida “Toshkent oqshomi” gazetasida bosilgan.
Yosh yozuvchi “Guliston” jurnalida ishlab yurganida bevosita Asqad Muxtordan badiiy ijod sirlarini o‘rgandi. Adibning “Quyosh barchaga barobar” (1980), “Bir oqshom ertagi” (1983), “Onamning yurti” (1987), “Umr esa o‘tmoqda” (1988), “Boburning tushlari” (1992), “Yo‘qchilik va to‘qchilik” (1995), “Boburiynoma” singari hikoya, qissa va romanlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.
Xayriddin Sulton “Saodat sohili”, “Ko‘ngil ozodadur” nomli va boshqa asarlari bilan milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Keyingi yillarda adibning “Boburiynoma”, “Navoiy – 30”, “Osmoni falaklarda” kabi asarlari kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Ustoz adib ssenariylari asosida “Changak”, “Tushlarimda ko‘rib yig‘layman”, “Moziydan bir sahifa”, “Mehrobdan chayon”, “Yolg‘iz yodgorim”, “Ulug‘ Amir va donna Mariya” kabi kinokartinalar yaratilgan.
Yozuvchi dunyo adabiyotining eng sara asarlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan. Uning Yu.Nagibin, V.Shukshin singari rus yozuvchilari ijodidan qilgan tarjimalari mavjud.
Yozuvchining “Yaldo kechasi” nomli asari yurtimiz adabiy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Mazkur asarda XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi choragida Turkistonda hukm surgan keskin ijtimoiy-siyosiy vaziyat, mustabid tuzum zo‘ravonliklari, millatparvar zotlarning fidokorona kurashi, ajdodlarimiz boshiga tushgan cheksiz musibatlar haqqoniy va ta’sirchan tasvirlangani e’tiborga molikdir.
N.Usmonova, O‘zA