“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ matbuot markazi rahbari Abdumajid Jo‘rayevni nafaqat viloyatda, balki Respublikamizda ko‘pchilik oddiy qalamkash jurnalist va shoir sifatida yaxshi taniydi. Bu inson viloyat hokimligi matbuot xizmatida ishlab yurgan kezlari o‘zining samimiyligi, oqko‘ngilligi hamda to‘g‘riso‘zligi bilan tanilgan.
G‘oyibdan kelgan baxt bu afsonadir, degan naqlni A.Jo‘rayev bosib o‘tgan mashaqqatli dovonlar misolida ko‘rish mumkin. O‘sha paytlari A.Jo‘rayev olis tumandan kelib, Navoiyda yashadi. Oddiy oilaviy yotoqxonada turib, hokimlikda kechani kecha kunduzni kunduz demay mehnat qildi. Oddiy qishloq yigiti emasmi, o‘zining tanti va to‘g‘riso‘zligi, qolaversa, vazifasiga vijdonan yondashib ishlagani o‘sha paytlari viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning nazariga tushdi. U viloyatning bosh nashri, viloyat hokimligi muassisligidagi “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati bosh muharriri sifatida ish boshladi.
Uning rahbarligida gazeta sifat jihatdan ham, ma’no-mazmun jihatdan ham ijobiy tomonga o‘zgardi. Tiraji ham 50 ming nusxadan oshdi. Bu vazifada ham u oddiyligini yo‘qotmadi, viloyatdagi ijodkorlarning yozgan maqola, ocherk va asarlarini gazeta sahifalarida peshma-pesh chop etib, viloyat matbuotining rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Uning gazeta chop etishdagi ijodiy mahorati Respublika miqyosida ham e’tirof etildi. Gazeta tahririyati uning rahbarligida 2016 yilda jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti tanlovida matbuot yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ha, har bir inson umri ezgu amallari bilan o‘lchanadi, mehnati, intilishi ortidan qadr topadi. Kamtarin inson Abdumajid Jo‘rayev o‘z baxtini oddiy qalam, so‘z orqasidan topgan insonlardan biridir. Uning tahliliy maqolalari bugun ham Respublikamizning nufuzli gazetalarida e’lon qilinmoqda. Yaqinda Respublikaning nufuzli nashri – “Hurriyat”da “Marjonbuloq va marjonbuloqliklar” sarlavhali maqolasi chop etildi. Maqolada “Navoiy kon metallurgiya kombinati” tizimida ishlayotgan, bugunidan rozi, kelajakka bo‘lgan ishonchi mustahkam oddiy odamlarning hayot tarzi xuddi rassom surat chizgandek tasvirlangan. Bunday maqolalar Yangi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan yangiliklarga uning hozirjavob va befarq emasligidan dalolatdir.
Abdumajid Jo‘rayev asli nurobodlik. Ziyoli oilasida tug‘ilgan. Otasi Irisboy domla dunyo kezgan inson. Ko‘p yillar xalq ta’limi sohasida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Shundan bo‘lsa kerak, Abdumajid aka yoshligidan ijodga mehr qo‘ygan. Maktab davrlaridayoq she’r va maqolalari hudud gazetalarida muntazam chop etilgan. Orzulari uni poytaxtga yetakladi. 1997 yilda Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdi va o‘qishdan ajralmagan holda mahalliy gazetalarda gazetalarida muxbir bo‘lib ishladi...
2009 yilda Navoiy viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlab ushbu mas’ul lavozimda 2013 yilgacha ishladi. Shu davrda sohada juda katta islohotlar, qurilish-bunyodkorlik ishlari, zamonaviy poligrafiya texnologiyalari o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Qahramonimiz 2015-2019 yillarda xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati sifatida faoliyat olib bordi, xalqqa xizmat qildi. Viloyatning ko‘plab ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid tadbirlarda faol ishtirok etdi. Mehnatlari “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga – 20 yil” va “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga – 25 yil” esdalik nishonlari, Navoiy viloyati hokimligi faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
Bugun "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" shiori ostida Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida yuqori saviyada o‘tkazilgan "Eng ulug‘, eng aziz" ko‘rik-tanlovining “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” yo‘nalishi bo‘yicha yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgani Abdumajid Jo‘rayevning ijodi bardavomligidan darak.
Darvoqe, Abdumajid Jo‘rayev so‘z qudratiga ishongan ijodkor sifatida farzandlarini ham el yurtga xizmat qiladigan kasblarni tanlashiga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. Malohat yanga bilan mazmunli hayot kechirib, 4 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi, 6 nafar nabiralarning mehribon bobosi. O‘g‘li Abdumalik Jo‘rayev Dovgistov dala-qidiruv ekspeditsiyasida mehnat qilish bilan birga Geologiya fanlar Universiteti talabasi, Ulug‘bek “Navoiy uran” davlat korxonasida mehnat qilish bilan birga Nukus davlat texnika universitetida tahsil olmoqda. Qizi Marjona esa ota izidan borib, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tugatdi. Maqola va ocherklari matbuotda chop etilib turibdi.
Ha, inson umrini daryoga mengzashadi. Abdumajid Jo‘rayev ham oltin qalamini ana shunday el-yurt va xalqimiz manfaati yo‘lida tebratayotgani bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.
Baxtiyor TOSHNAZAROV,
jurnalist