Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘z qadrini baland tutgan adib
17:40 / 2025-12-12

Aslida momaqaldiroq gumburlagan payti hamma o‘zini chetga, panaga oladi. Lekin Erkin A’zamning “Momaqaldiroq ostida sayr” nomli romani qahramonlari aynan gumburlagan momaqaldiroq, toshqin sel payti tashqarida sargardon kezgan odamlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ijodkorning “Momaqaldiroq ostida sayr” nomli romani hamda “Erkin A’zam: tahlil va talqin” nomli kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, taniqli olim Nizomiddin Mahmudov, atoqli adabiyotshunos olim, mazkur institut direktorining o‘rinbosari Maqsud Asadov, folklorshunos olim Shomirza Turdimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabbor va boshqalar Erkin A’zam ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida batafsil to‘xtaldi.  

Darhaqiqat, Erkin A’zam so‘zga zargarona yondashuvchi, uning qadrini oltin qadar biluvchi, milliy adabiyotimizda o‘zining qat’iy prinsiplari va qoidalariga ega bo‘lgan zabardast ijodkordir.  

–  Ijodkorning “Momaqaldiroq ostida sayr” romani ilmiy, badiiy jihatdan hali ko‘p tadqiqotlar olib borishga arzigulik asar, – dedi atoqli tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov. – Zero, Erkin A’zam asarlari hali ko‘plab tadqiqotlarni kutmoqda.  

– Taqdimoti o‘tkazilayotgan ikki kitob Erkin A’zam ijodi haqida to‘laqonli tasavvur beradi, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Maqsud Asadov. – “Momaqaldiroq ostida sayr” romani kitobxonda turlicha fikrlar, bahslar uyg‘otishi bilan birga o‘quvchi uning prototiplarini hayotda izlab qolishi, odamlar atrofida tanish va notanish shaxslarni izlab qolishi tabiiy. Nazarimda haqiqiy adabiy asar shunday bo‘lmog‘i kerak. Institutimizda Erkin A’zam ijodini Sanobar To‘laganova, Marhabo Qo‘chqorova kabi olimalar puxta o‘rganmoqda. Darhaqiqat, Erkin A’zam borini boricha yozadigan, so‘zni chertib-chertib, sayqallab, saralab tanlaydigan ijodkor. Uning qahramonlari Iskandar, Oyravshan, G‘ayrat – uch xil fe’l-atvorli, uch xil intilishli, uch xil maqsad-muddaoli odam. Yozuvchi 90-yillar boshida jamiyatning bir formatdan boshqa formatga o‘tishida odamlar boshiga tushgan achchiq iztirobli voqealar ushbu kitobda o‘zining yorqin ifodasini topgan.  

“Erkin A’zam: tahlil va talqin” nomli kitob Termiz davlat universitetida chop etilgan bo‘lib, unda taniqli adabiyotshunoslar, olimlar, yozuvchi va shoirlar, oddiy kitobxonlarning yozuvchi haqidagi fikrlari, tahliliy maqolalar keltirilgan.  

Anjumanda ta’kidlanganidek, “Momaqaldiroq ostida sayr” o‘zbek romanchiligida o‘ziga xos voqelik bo‘lishga arzigulik asar. Unda axloq va nafs, muhabbat va nafrat, hayot va o‘lim o‘rtasidagi mangu kurash beshafqat, beayov, real va o‘ziga xos tarzda ko‘rsatib berilgan.  

Ijodiy anjumanda ustoz yozuvchining asarlari, serqirra ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri