Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro huquqiy asoslar" kitobi taqdimoti
13:24 / 2021-06-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro huquqiy asoslar"kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan nashr etilgan "So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar" nomli kitob Vindxuk deklaratsiyasining 30 yilligiga mo‘’jaz tuhfa bo‘ldi.

"Inson huquqlari kutubxonasi" turkumiga mansub ushbu to‘plam Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqalar mamlakatimizda inson huquqlari, ayniqsa, fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.  

Ayni paytda yangi O‘zbekistonda so‘z erkinligiga oid yangi muhit shakllangani, jurnalistlarning fikr erkinligi, faolligi kuchaygani, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar xilma-xilligi oshgani e’tiborga molik. So‘z erkinligi qonun doirasida bo‘lishi bilan birga ommaviy axborot vositalaridan katta bilim va mas’uliyatni ham talab etadi.

Kitobga akademik Akmal Saidov mas’ul muharrirlik qilgan va so‘z boshi yozgan. Tuzuvchi va tarjimon — O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo.

To‘plamda bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro va huquqiy hujjatning so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.  

To‘plamning birinchi bobida BMT, YUNESKO, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalaridagi so‘z, fikr,axborot erkinligiga doir normalardan namunalar keltirilgan.

Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat – Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi to‘g‘risidagi konvensiya hamda Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida Vindxuk deklaratsiyasi to‘liq holda va ilk bor o‘zbek tilida chop etilgan.

To‘plamning ikkinchi bobida YeXHT, Yevropa Kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti, Afrika hujjatlarning so‘z, fikr va axborot erkinligi bilan bog‘liq normalari taqdim etilgan.

Bunda Yevropa Kengashining Fikrni ifodalash va axborot erkinligi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, Inson huquqlari to‘g‘risida Amerika konvensiyasi, Inson va xalqlar huquqlari to‘g‘risidagi Afrika xartiyasi, MDHning Inson huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risidagi Silani konvensiyasidagi so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir normalar kitobxon e’tiboriga havola etilgan.

To‘plamning uchinchi bobida nohukumat yo‘nalishidagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan so‘z, fikr va axborot erkinligiga oid xalqaro-huquqiy hujjatlar jamlangan.

Ayniqsa, Yoxannesburg prinsiplari, Sofiya Deklaratsiyasi, Talluar Deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar, bir tomondan , fikrni ifodalash va axborot erkinligi borasidagi muhim qoidalari bilan mashhur bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ushbu hujjatlarning matni birinchi marta o‘zbek kitobxoniga davlat tilida taqdim etilgani ahamiyatlidir. To‘plam huquqshunoslar, jurnalistlar va shu sohaga qiziquvchi barcha kitobxonlarga mo‘ljallangan.  

Taqdimoti doirasida ishtirokchilariga "Inson huquqlari kutubxonasi" turkumidan yangi nashrdan chiqqan kitoblar taqdim etildi. Xususan, "Inson huquqlari bo‘yicha atamalar lug‘ati"da sohaga doir 2 mingdan ortiq maxsus atamaning o‘zbek, ingliz, rus tillaridagi tarjimalari o‘z mujassamini topgan. "Saylov huquqi atamalari lug‘ati" ham uch tilda chop etilgan. Unga saylov huquqi borasidagi 500 dan ziyod tushuncha kiritilgan.

N.Usmonova, O‘zA