27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Korrupsiyadan xoli davlatlar indeksini belgilovchi “Transparency International” xalqaro tashkiloti hamda matbuot erkinligi reytingini yurituvchi “Chegara bilmas muxbirlar” nohukumat tashkilotining yillik natijalarini solishtirsak, yuqori o‘rinlarni egallagan davlatlar ketma-ketligida katta farqni ko‘rmaymiz. Har ikkisida ham Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya, Irlandiya kabi rivojlangan davlatlar yuqori pog‘onalarni egallagan. Mantiqan yondashilsa, matbuot erkinligi bo‘lsagina rivojlanish, tozalanish, o‘zgarish ro‘y beradi.
So‘z erkinligi faqat OAV emas, har bir insonning daxlsiz huquqidir. Bola go‘dakligidanoq unda mana shu erk shakllanmas ekan, keyin unga mikrofon tutib ham “gapirtira” olmaysiz. Chunki so‘z erkinligi bo‘lgan jamiyatgina bu erk uchun kurashadi.
Jurnalistika sohasiga o‘qishga kirgan talabalarda dastlab ana shu erkin so‘zlash, fikrlash, jur’at tushunchalari uchun yo‘l ochish kerak. Uni qanday aytish, yozish, taqdim etish “tarbiya”si keyingi bosqichdagi jarayon. Aytishga, yozishga jur’at topmay turib, uni sayqallashda mantiq bo‘lmaydi.
Birgina misol, oxirgi vaqtda OAV “o‘ldirdi, so‘ydi” kabi axborotlarni o‘ta “yalang‘och” tarzda berib boryapti. O‘qib dahshatga tushasiz. Lekin o‘zgarish yo‘q. Karim Bahriyevning harbiy xizmatga ketib, murdasi qaytayotgan o‘smirlar fojiasi “Oy borib, omon qaytmagan bolam”, Sharifa Salimovaning to‘rt norasidasini o‘ldirgan ona haqida “Ayol jinoyatga qo‘l urdi”, Bekqul Egamqulovning "Xo‘rlik yoki ayol nega erini o‘ldirdi?", Abdunabi Haydarovning “Daydilar”, Rahmon Qo‘chqorning inson qadri borasida o‘yga toldiruvchi “Taqdir tarozisi” kabi tahliliy maqolalari jamiyatni, jamoatchilikni larzaga solibgina qolmay, aks-sado ham bergan edi.
Bugun undanda mudhish voqealar tafsiloti, tasviri va hatto, jarayonini ham ko‘rib turibmiz. To‘g‘ri, bir paytlar dilni xira qiluvchi maishiy xabarlarning ham e’lon qilinishi taqiqlangan davrlar bo‘lgan. Bugun shularga ham erk berildiku, dersiz. Lekin erkin fikr, yondashuv yetishmagani, voqealar tahlilidagi tanqislik bois bu xabarlar faqatgina diydamizni qotirishga xizmat qilyapti, xolos.
Jamoatchilikni uyg‘otish uchun birgina so‘zga erk berishning o‘zi yetarli emas. Fikr, munosabat erkinligi lozim. Fikr bo‘lmasa, so‘zning o‘zi jonsiz buyumday gap. Zotan, Suqrot “Odamlar o‘zlarida yetishmaydigan fikr erkinligi evaziga so‘z erkinligini talab qiladilar”, deganida, ehtimol shuni nazarda tutgandir...
Zabarjad BOBOJONOVA, jurnalist