Yurtimiz bo‘ylab shu kunlarda “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida giyohvandlikning salbiy oqibatlarini tushuntirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida oylik doirasida O‘ktam Suvonovning “Soya va yorug‘lik orasidagi hayot: giyohvandlik muammosiga ichki va tashqi qarashlar” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat a’zolari, Qonunchilik palatasi vakillari, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, kursant va talabalar, ijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ushbu asar giyohvandlikning salbiy oqibatlarini tushuntirish orqali xabardorlikni oshirish, ogohlikka chorlashga qaratilgani qayd etildi.
Muallif bu asarni faqatgina nazariya asosida emas, real hayot, real taqdirlar, og‘riq va xulosalar orqali yozgan. Shuning uchun ham u o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Kitob har bir ota-ona, ustoz, yoshlar bilan ishlovchi mutaxassislar va yoshlar uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Taqdimot marosimi yakunida muallif ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
N.Abduraimova, O‘zA