Tergov departamentining xabar berishicha, 1982 yil Andijonda tug‘ilgan fuqaro Bosh prokuraturaning soxta xizmat guvohnomasi bilan turli joylarda firibgarlik qilayotganligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, u Bektemir tumanida “Malibu-2" avtomashinasida harakatlanib, svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamay yo‘lda davom etgan. Uni to‘xtatgan YPX xodimlariga esa o‘zini «yuqorida» ishlashini aytib, soxta xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan hamda YPX xodimi bilan qo‘pol muomalada bo‘lgan. Shundan so‘ng, uning ustidan surishtiruv ishlari olib borilgan.
Natijada, o‘zini Bosh prokuratura IIOda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, Adliya katta maslahatchisi, deb tanishtirib kelgan ushbu fuqaroga uning tanishi 2021 yilning iyun oyida bosh prokurorning imzosi va muhrini soxtalashtirib, soxta xizmat guvohnomasini yasab bergani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘lga olingan shaxsning aytishicha, u Umar ismli shaxs bilan tanishib qoladi. Umar Moskvada hujjatlar bilan shug‘ullanishini aytib, organ xodimlariga tegishli bo‘lgan prokuraturaning soxta hujjatini 3 kunda tayyorlab bergan. Fuqaro bu hujjatdan asosan YPX xodimlariga ko‘rsatish uchun foydalanganini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi «b» bandi va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur modda bilan ayblangan shaxsga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
O‘zA