Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soxta mulla 15 sutkaga qamaldi
18:23 / 2021-09-21

Atrofimizda kechayotgan voqealarni kuzata turib bugun odamlarga nima bo‘lyapti, deya o‘ylanib qolasan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Qamashi tuman sudi tomonidan imom-xatiblar, mahalla raislari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida muhokama qilingan masalalarni kuzata turib, shunday fikr bir muddatga miyamdan o‘tdi.

Yoshi bir joyga borgan insonlarning bolalardek yo‘l tutishi, achinarlisi, inson taqdirini go‘yoki qimmatsiz buyumdek ermak qilishlaridan kimga achinish kerakligini tushunmaysan. Sartaroshxonada shar’iy nikohdan o‘tib xotinlik da’vo qilgan ayol, xotin ustiga xotin olgan, ayni paytda 4 ayolga uylangan «eriga» qonuniy jazo so‘rarkan, erkak bularni hech birini rad qilmadi. Ma’lum bo‘lishicha sartaroshxonada nikoh o‘qigan shaxsning biror diniy ma’lumoti bo‘lmagan. Shunday bo‘lsada, savob talablik umidida bu ishga qo‘l urgan. Biroq bu unga qimmatga tushdi. Soxta mulla 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘taydigan bo‘ldi.

– Dinimizda oila tushunchasiga alohida e’tibor berilishi aytilgan, – deydi Qamashi tuman bosh imom-xatibi Oqilxon Ahmedov. – Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) nikohlaninglar, ko‘payinglar men sizlarning ko‘pliklaringdan faxrlanaman, deganlar. bugungi kunda shunday holatlar tumanimizda sodir bo‘lyaptiki, nikohni o‘zi bilmagan holatda bir oz mablag‘ uchunmi yoki iltimoslarga ko‘ra, o‘qib qo‘yishmoqda. Bu esa og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Ya’ni bir oila buzilib, ketyapti. Ajrim holatlar ko‘paymoqda.  

Sudda ko‘rilgan ma’muriy ishlar orasida ayollarning shar’iy nikoh o‘qiganligi bilan bog‘liq holat ham muhokama qilindi.  

Huquqbuzarliklar yuzasidan so‘zga chiqqanlar tabiiyki ayblariga to‘liq iqror bo‘lmadi. Ammo to‘plangan hujjatlar qonuniylikni ta’minlashga yetarli edi. Unga ko‘ra, 3 nafar huquqbuzarga tegishli tartibda jarima jazosi tayinlandi.  

– bugungi kunda oilaviy ajrimlarning asosiy sabablaridan biri diniy marosimlarning noto‘g‘ri o‘tkazilayotganligidir, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi sudyasi Fayoza Qambarova. – Bunda dinni yaxshi tushunmaganlar tomonidan noqonuniy ravishda shar’iy nikohlarning o‘qilayotganligi ya’ni oilalar qonuniy tartibda sud tomonidan yoki FHDYO organlari tomonidan ajrim to‘g‘risida qaror qabul qilinmasdan turib, boshqa bir ayol bilan shar’iy nikoh o‘qitilishi natijasida ushbu oilalarni kelgusida yarashtirish imkoni bo‘lmayapti. Bir nechta farzandlar tirik yetim bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. bugungi targ‘ibotimiz ya’ni sayyor sud jarayonida Qamashi tuman jinoyat sudi tomonidan 201-modda 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan 14 nafar shaxsga nisbatan ish hujjatlari ko‘rib chiqilib, qonuniy qarorlar qabul qilindi. Ularga tegishli tartibda jazo tayinlandi.  

Oila mustahkamligi nikohning qonuniyligiga har jihatdan bog‘liq. Chunki bunda har ikki tomonning huquq va manfaatlari qonun bilan muhofazalangan bo‘ladi. Ammo bu teran haqiqatni hamma ham birdek anglab yetavermaydi. O‘tkazilgan yig‘ilish so‘ngida tumandagi imom xatiblar, mahalla oqsoqollari, otinoyilar va profilaktika inspektorlari ishtirokida shar’iy nikohning oldini olish, uning huquqiy oqibatlari xususida tushuntirishlar berilib, hamkorlikdagi vazifalar belgilab olindi.

 

O‘lmas Barotov, O‘zA