Bugun ijtimoiy tarmoqlarning qaysi biridan foydalanmang bir olam psixolog, biznes-trener, motivatorlardan jozibali so‘zlar orqali bir-biridan "ajoyib takliflar" bildirilgan xabarlarga ko‘zingiz tushadi. Bir qarashda qaysi biri soxta, qaysi biri professional mutaxassis ekanligini bilish ham juda qiyin.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan bildirilayotgan so‘rovlar ham kulgili, ham achinarli. Hattoki ba’zi odamlar rasmiy tashkilotda, oliy ma’lumotli mutaxassislar qolib, internetdan dardiga darmon qidirishni afzal ko‘rishmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida ba’zi "infolo‘ttibozlar"ga qo‘l kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari — Shahnoza Xolmaxmatova hamda Gulruh Agzamova o‘zini professional kouch, murabbiy, psixolog sifatida ko‘rsatishga urinayotgan "chalasavod marafonchilar" faoliyatini tartibga solish vaqti kelganligi haqida o‘z munosabatlarini bildirib o‘tdilar.
Tadqiqotlarga ko‘ra, ayni paytda tibbiy kontentda "rost"dan ko‘ra "uydirma"ning ulushi ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Xususan, AQSHning GoodRh Health tibbiyot portali tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 70 foizdan ziyod amerikalik hech bo‘lmaganda bir marotaba tibbiyot dezinformatsiyasidan aziyat chekkani, yolg‘onning 82 foizi ijtimoiy tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etilgan.
Buning asosiy sababi shuki, ijtimoiy tarmoqlar bemorlar emas, pul dardida yashaydigan soxta tabiblar, uquvsiz seksolog, kosmetolog, psixolog, diyetolog va hokazolar uchun mo‘may daromad manbaiga aylanishga ulgurgan. Og‘ziga tuflatib ham davolanish mumkinligiga ishonadigan toifalar esa tabiiyki, ularning biznes imperiyasini gullatib yashnatishmoqda.
Xalqaro tajriba bilan tanishadigan bo‘lsak, AQSH hamda Buyuk Britaniya qirolligida tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan shifokor yoki tibbiy motivatorlar reyestri yuritiladi. Ushbu portal orqali fuqaro ijtimoiy tarmoqda salomatlikka doir tavsiyalar berayotgan tibbiyot xodimi haqidagi barcha axborot bilan mustaqil ravishda tanishish imkoniyatiga ega. Hindistonda esa sog‘liqni saqlash sohasidagi med-blogerlar o‘z ijtimoiy tarmoq sahifalarida shifokorlik malakasini tasdiqlovchi axborot, ya’ni xujjat yoki tegishli sertifikat joylashtirishi shart qilib qo‘yilgan.
Xulosa qilib aytganda, inson ruhiyati, salomatligi bilan bevosita ishlaydigan mutaxassisning tibbiy bilimga ega bo‘lishi oddiy tartibga aylanishi lozim. O‘z o‘rnida axborot iste’molchilari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham o‘zining va yaqinlarining salomatligini xavf ostiga qo‘ymasliklari, ba’zi tibbiy tajribalarning oqibati achinarli bo‘lishini o‘ylab ko‘rishlari kerak. Jarayonlarni biz bilan kuzatishda davom eting. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hygT0jUu9KI" title=""Soxta motivatorlar" tartibga solish vaqti keldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA