Tarbiyachi lavozimiga ishga qo‘yishni va’da qilgan soxta mansabdor ushlandi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kogon shahar Shodiyona ko‘chasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro X.B. Vobkent tumanida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro R.M. ismli ayolga o‘zini hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor shaxs sifatida tanishtiradi. Buxoro shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan biriga oliy ma’lumotli tarbiyachi sifatida ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 400 AQSH dollarini talab qiladi.
Joriy yilning 13 fevral kuni taxminan soat 15:00 larda Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida talab qilingan pullardan 2.000.000 so‘mini olgan vaqtida ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA