Qonunga xilof ravishda ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullangan shaxs fosh etildi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan joriy yilning 16 may kuni alkogol mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Kogon shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Natijada “Alan Maryam” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, fuqaro G.A. o‘ziga qarashli savdo do‘konida 31 dona jami 955 ming so‘mlik qonunga xilof ravishda ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Buxoro viloyati IIB ekspert kriminalistika markazining xulosasiga asosan, ushbu alkogol mahsulotlarining aksiz markalari qalbaki ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 176-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA