English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘xliklar salomatligi doimiy e’tiborda
17:46 / 2023-02-20

FOTOREPORTAJ

Bugun tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, olis va chekka hududlarda aholining malakali tibbiy xizmat olishi uchun sharoit yaratish maqsadida tizimda mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Ushbu islohotlar soha rivojiga, eng muhimi yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlashga, umrini uzaytirishga xizmat qilmoqda.  

Farg‘ona viloyati markazidan 200 kilometr olisdagi So‘x tumanida 1 ta markaziy shifoxona, 7 ta oilaviy shifokor punkti, 2 ta oilaviy poliklinika mavjud. Ularda mingdan ziyod tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda.

Ta’kidlash joiz, Prezidentimiz tashabbusi bilan olis hududlarga borib ishlovchi tibbiyot xodimlariga qator imtiyozlar yaratilgan.

Tumanning “Lenbur” oilaviy shifokorlik punkti shifokori Fotima Xo‘janova tibbiyot sohasida faoliyatini boshlaganiga 2 yil bo‘ldi. Samarqanddan olis hududga kelib, ish boshlash, ko‘nikib ketishga tavakkal qilgan. Albatta, bilimli mutaxassis qisqa vaqt ichida bu hududda kerakli kadr ekanligini tushundi.

– 2020 yil mazkur tumanga mehnat faoliyatimni davom ettirish uchun kelganman, - deydi F. Xo‘janova. – Bu yerda ish boshlashim bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘ini oldim. Shuningdek, har oyda ish haqimga qo‘shimcha 2 million so‘m ustama berilmoqda. Qolaversa, yaqinda avtomashinali bo‘ldim, endi uy sotib olish harakatidaman. Oilam bilan baxtliman. Bizga yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlardan juda mamnunmiz.

[gallery-10634]

Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Usmon Mamadaliyevning ta’kidlashicha, tuman tibbiyot tarmog‘ida anchagina rivojlanish, yangilanishlar bor. Xususan, 2022 yilda 1 milliard 800 million so‘mdan ziyod mablag‘ hisobiga bunyod etilgan “Lenbur” oilaviy shifokor punkti aholining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qildi.  

Tumandagi markaziy shifoxonada ham o‘zgarishlar katta. Islohotlar jarayonida shifoxona eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Tuman tibbiyot birlashmasi hududiga qiymati 4 milliard 539 million so‘m bo‘lgan 75 o‘rinli ichki kasalliklar bo‘limi qurilib, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, yaqinda tuman tibbiyot birlashmasiga zamonaviy, “Hyundai” rusumli tez tibbiy yordam mashinasi sovg‘a qilindi.  

– O‘tgan yili “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida 3 milliard 765 million so‘m evaziga “Oftobro‘” va “Sharqobod” oilaviy shifokorlik punktlari,  shuningdek, 300 million so‘mga “Qalacha” MFY hududidagi “Qalacha” mahalla tibbiy punkti yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i U. Mamadaliyev. – Bundan tashqari 5 ta hududda 175 million so‘m mablag‘ evaziga konteynerli mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilib, zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan.  Investitsiya dasturi asosida markaziy shifoxonada 75 koykali terapiya bo‘limi qurilib foydalanishga topshirildi. Markaziy shifoxona ma’muriy binosi mahalliy byudjet hisobidan 450 million so‘mga joriy ta’mirlandi. Shuningdek, tibbiy jihozlar bilan jami 2 milliard 750 million so‘mlik zamonaviy jarrohlik asbob-uskunalar jamlanmasi – videoendoskopiya, analizator fluoressentniy Finecare TM FIA Mater Plus FS-113, reanimatsiya bo‘limiga IVL apparati olib kelindi. Oilaviy shifokorlik punktlari uchun EKG, qabul diagnostika bo‘limiga laboratoriyaning zamonaviy apparatlari sotib olindi. Bunday xayrli ishlar ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. Xullas, bu yerda davolanuvchilar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Maqsad esa bitta – aholi salomatligini yanada mustahkamlash. So‘xliklar yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan behad minnatdor. 

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA