Suv – hayot. Bu munozara qilinmaydigan mavzu. Qorli cho‘qqilardan irmoq olgan So‘x daryosi so‘xliklar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Undan olingan suv bilan minglab gektar maydonlar sug‘oriladi, hayot ne’matlari yetishtiriladi. Aholi So‘x daryosi suvidan ariqlar orqali yoki mashinalarda tashib kelib ichishar edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan So‘xga toza ichimlik suvi keltirilmoqda. Chashma, Demursad, G‘aznov, Hazrat Ali, Qalacha, boringki, 22 ta mahalla ko‘chalarida “YANGI AVLOD QURILISH INVEST” MCHJ qurilish montaj ishlari olib bormoqda.
– Bugungi kungacha mahallalarda 17 ta quduq qazildi. 7 ta yangi nasos ishga tushirildi. 4 dona sig‘imi 500 kubometrli suv inshooti qurildi, – deydi So‘x tumani suv ta’minot bo‘limi rahbari Farhodjon Azimbekov. – 265 km. ga yaqin yangi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.

Bu ishlar uchun 104,2 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.
Navobod mahallasida 745 ta xonadon, 4580 nafar aholi yashaydi.
– 95 foiz aholi Prezident qarori asosida toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, – deydi navobodlik fuqarolar.
– Ikki yildan buyon suvlar bemalol, bosim yaxshi, biron kun to‘xtagani yo‘q, – deydi “Navobod” MFYda istiqomat qiluvchi Rustamjon aka Akbaraliyev. – Ilgari mashinada suv tashib kelib ichar edik.
Toza ichimlik suvi orzuimiz edi, degan gapni har yerda eshitasiz. Qirg‘iziston chegarasidagi tog‘li Malbut qishlog‘i ulardan biri.
So‘x dengiz sathidan 1500 metr yuqorida joylashgan. Malbut qishlog‘i esa undan ham 240 metr yuqorida. Aytishlaricha, So‘x Malbut qishlog‘idan boshlangan. Birinchi so‘xliklar shu qishloqdan bo‘lishgan. Lekin oradan necha asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan malbutliklar hech qachon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.

Hozir Malbutda qurilish-montaj ishlari davom etyapti. Qudratli texnika handaq qazib suv inshootiga asos yaratyapti. Mahallaning ko‘chalarida har bir xonadon ostonasida suv hisoblagichlar o‘rnatildi. Biz shu yerdagi xonadonlarning birida yuz yoshli Juma ota Olimov ziyoratida bo‘ldik.
– 55 yildan buyon shu yerda yashab kelyapman, – deydi yuz yoshli Juma ota Olimov. – Suv yo‘q edi. Prezidentimizga balli, bizni hurmat qilib suv chiqarib beryapti. Buning qadriga yetishimiz kerak.

Juma ota umr bo‘yi, ya’ni bir asrdan buyon tog‘dan oqib kelayotgan suvni xonadonidagi hovuzga to‘ldirib, tindirib ichib keldi. Hozirgacha ham shunday. Ichgani, osh-ovqatga, kir yuvish va yuvinishga hovuz suvidan foydalanadi.
– Malbut qishlog‘ida yashab kelyapmiz. Suv yo‘q. Rosa qiynaldik. Oqin suv bir haftada bir marta keladi, yarim soatdan navbat bilan olamiz. Tomorqaga yo‘q. Har xonadonda bittadan hovuz qurib olganmiz, – deydi Qumri opa Mirzaahmedova. – Bir umr kutganmiz toza suv kelishini. Prezidentimizga rahmat. Sog‘-omon bo‘lsin. Malbutdagi hamma uylarga suv keldi, xudoga shukr. Mening uyimga ham tushdi, supamning tagigacha olib borishdi.

Mana nima uchun malbutlik, so‘xliklar suv qadrini ulug‘laydi.
Lekin So‘xga, jumladan, Malbut qishlog‘iga suv olib kelish oson kechmadi. Bu, albatta, joy relefi tog‘lardan iboratligi bilan bog‘liq. Suv yuqoriga bir necha ko‘tarish inshootlari bilan olib chiqilar edi.
– Daryo bo‘yidan 140 metrli tik quduq kavlab, suv chiqardik. Mana montaj ishlari bo‘lyapti, – deydi ish yurituvchi Ne’matjon Matmusayev. – Suv havzasining sig‘imi 100 kubometr. Malbut qishlog‘ining eng baland joyiga o‘rnatilgan suv minorasi bor. Sig‘imi 25 kubometr, undan aholi xonadonlariga tarmoq tortilgan. Tez kunda suv beramiz.

Ish davom etmoqda. Ammo bosh pudratchining muammolari ham oz emas. Mahalliy hokimiyat va aholining qat’iy talabi bilan pudratchi tomonidan loyihadan tashqari mahallalarga qo‘shimcha 33 kilometr suv tarmoqlari tortilgan. Bunga 20 milliard so‘m sarflangan. Bajarilgan ishni qabul qilish va buyurtmachi tomonidan to‘lovni amalga oshirish muammo bo‘lib turibdi.

Yana bir masala foydalanuvchi va xizmat ko‘rsatish idorasi bilan bog‘liq. Haligacha So‘x tumani suv ta’minoti bo‘limining o‘z binosi, avariya holatida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan ta’mirlash avtomashinasi yo‘q. Shunga qaramay, So‘x qishloqlari, mahallalarida suv quvurlari tortish ishlari davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/211R-kVIrTE" title="Soʻxga toza ichimlik suvi keltirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Bu uch bosqichli loyiha. Birinchi bosqich amalga oshirildi, – deydi Farhodjon Azimbekov. –Ikkinchi bosqich 2024-2025 yillarda yakunlanadi. Tumandagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun yana 120 kilometrga yaqin quvurlar tortilishi kerak.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video),
O‘zA muxbirlari