Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘xdagi chekka maktabga kompyuter jamlanmalari sovg‘a qilindi
09:52 / 2020-12-20

Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 avgustda qabul qilingan “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilarni zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun sharoitlar yaratish doimiy e’tiborda.

Yaqinda "Saribozorcha" mahalla fuqarolar yig‘inida 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga yangi 29-maktab qurilib, foydalanishga topshirildi. 6 ta maktab kompyuter sinflariga ega bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov joriy yilning noyabr oyida So‘x tumanida bo‘lib, “Devayron” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Umbara qishlog‘ida joylashgan 16-umumta’lim maktab faoliyati bilan tanishgan edi. Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish uchun zarur topshiriqlar bergandi.

Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi 3 mingga yaqin aholining 205 nafar farzandlari shu maktabda ta’lim olishadi. Ayni damda maktabda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Maktab o‘quvchilarining zamonaviy bilim va salohiyatlarini yanada yaxshilash maqsadida 15 ta kompyuter jamlanmasi va printer tuhfa etildi.

- Tumanning chekka hududida joylashgan maktab qarovsiz holga kelib qolgandi. Prezidentimiz, viloyatimiz rahbarining bevosita otalig‘ida maktab eshik va derazalari, pollari, oldi ko‘rinishlari yangilandi, maktab zali qurilmoqda. Raqamli texnologiyalar olib kirish maqsadida kompyuter xonalari tashkil etildi,-deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Amir Temirov. – Maktabimiz tumanda yagona ta’lim dargohiga aylantirilmoqda. Bundan ota-onalar, ustozlar, o‘quvchilar juda xursand.

M. Sulaymonov, O‘zA