Prezident qarorlari amalda
Bu ko‘rinishlar Farg‘onaning markaziy shifoxonasida emas, uzoq So‘x tumanida tasvirga tushirilgan. Prezident qarorlari asosida So‘xda amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiyot sohasini ham qamrab oldi. Sir emas, hatto 4-5 yil avval ham so‘xliklar chegaralarni kesib o‘tib viloyat markazidagi shifoxonalarga borishar edi. Bugun butunlay boshqacha manzara. Ko‘rkam binolar qad rostladi. Zamonaviy tibbiy texnik jixozlar keltirildi. Eng muhimi, barcha tor yo‘nalishlar malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi. So‘zimiz havoyi bo‘lmasin. Dalillar keltiraylik.

- Yuqumli kasalliklar shifoxonasi 3,5 mlrd so‘m, terapiya bo‘limi 3,7 mlrd, Lenburg qishlog‘idagi oilaviy poliklinika 2 mlrd hisobiga qurildi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshliq o‘rinbosari Sanjarbek Ismoilov.
So‘xda ilgari kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya shifoxonalari yo‘q edi. Endichi? Sanjarbek Ismoilov aytishicha yangi qurilgan binoda bu yo‘nalishlar tashkil etildi.

- O‘n o‘rinlidan kardiologiya, nevrologiya va endokrinologiya bo‘limlari ochildi. Hozir ular faoliyat yuritmoqda, - deydi u.
Bu kabi yo‘nalishlarga shubhasiz zamonaviy tibbiy jihozlar kerak edi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi turli loyiha, dasturlarga birinchi galda So‘x shifoxonalarini kiritdi. Bugun bu yerga bronoxoskop, raqamli rentgen, hatto bemor pult orqali o‘zi boshqaradigan maxsus krovatlar xam keltirilgan. So‘x shifoxonalari laporaskopiya uskunalarini-ku orzulamas edilar. Endi bir necha turdagi jarrohlik amaliyoti ana shu apparatlar vositasida bajarilmoqda.

- Men o‘n yildan buyon shu yerda shifokor bo‘lib ishlayman. Bunaqa apparat xech qachon bo‘lmagan. Odamlar avvallari 120 km yo‘l yurib, Farg‘onaga borib operatsiya qildirib kelar edi, - deydi jarroh Behzod Yo‘lchiyev. – Yaqinda laporoskopiya apparati berildi. Shu oyning o‘zida o‘nta operatsiya o‘tkazdik.

Binolar tiklandi, tibbiy jihoz, uskunalar keltirildi. Ammo tog‘ oldi, olis, qolaversa boshqa davlat hududidan o‘tib boriladigan anklav – So‘xda malakali shifokorlar yetarlimidi? Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Prezident qarorining mohiyatini targ‘ib qildi. Unga ko‘ra ish xaqiga ustamalar, ish stajiga qo‘shimcha hisoblanishi, eng muhimi, So‘x va so‘xliklarni qo‘llab quvvatlash lozimligini tushuntira oldi. Bugun So‘xda boshqa hududlardan kelgan 36 nafar shifokor va mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda.
- Men Quva tumanidanman. Bir yil bo‘ldi turmush o‘rtog‘im bilan So‘xga kelib ishlayapmiz, - deydi shifokor Zuhriddin Botiraliyev. - Mulg‘on oilaviy shifoxonasi mahalladagi 6,5 ming aholiga xizmat qiladi. Men boshchiligimdagi shifokorlar guruhiga ikki ming nafar fuqaro biriktirilgan. So‘xliklar bilan aka-uka, aka-singil bo‘lib ketdik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/B6COecOn5fc" title="Prezident qarorlari amaldaSo‘xda zamonaviy tibbiyot markazi yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>So‘x tibbiyotidagi eng og‘riqli masala malakali ayol ginekologning yetishmasligi edi. Natijada oy-kuni yaqinlashganlar Farg‘onaga yo‘l olardi.
- Tug‘ruq bo‘limida akusher-ginekolog vrachimiz yo‘q edi, - deydi Sanjarbek Ismoilov. – Akusher ginekolog kelganidan keyin, masalan avgust oyida So‘x tug‘ruqxonasida 207 ta chaqaloq dunyoga keldi. Farg‘onaga borib ko‘zi yoriganlar 43 ta edi. Avvallari buning aksi bo‘lgan. So‘xda har oyda 40-45 ta tug‘ruq bo‘lsa Farg‘onaga borib tuqqanlar 210-220 ta edi. So‘xga malakali mutaxassis kelganidan so‘ng homiladorlar 120-140 km yo‘l yurib Farg‘onaga borishiga hojat qolmadi.
So‘x va so‘xliklar hamisha davlat raxbarining e’tiborida bo‘lgan. So‘x tibbiyotidagi o‘zgarishlar esa ana shu e’tiborning mahsulidir.
Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov