Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘xda yangi loyihalar ishga tushirildi
10:13 / 2021-03-23

Farg‘ona viloyatining purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan So‘x tumaniga bahor kechroq kelsa-da, dillarda iliqlik, yasharish fasliga intiqlik bor.

Navro‘zi olamning shukuhini bugun har bir mahallada sezish mumkin. Qadim yurtda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari esa hududning chiroyini yanada ochmoqda.  

Chashma bulog‘ining ta’rifi juda mashhur. Bu yerdagi mahalliy xalq azal-azaldan tog‘ bag‘ridan chiqqan suvni qadrlab, e’zozlaydi. O‘zbek, tojik, qirg‘iz ahil va inoqlikda shu buloq suvidan ichib, dehqonchilikda ham foydalanadi. Ma’lumki, dunyodagi iste’molga yaroqli suvlarning o‘rtacha qattiqligi 7-8 darajada bo‘lishi talab etiladi.  Ko‘p yillik laboratoriya tadqiqotlari natijasida So‘x chashmasi suvining qattiqligi 1,8-2 darajada ekanligi isbotlangan.

“Chashma” mahalla fuqarolar yig‘ini "qizil hudud" toifasiga kiritilgan bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xarita"si qabul qilindi. Mahalladagi "o‘sish nuqtalari" aniqlangan. Aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish muhim vazifa sanaladi. Tadbirkor Ahmadbek Abdulahatov tomonidan mahallada yangi o‘quv markazi barpo etilgani chashmaliklarni behad mamnun etdi. O‘quv markazida tikuvchilik, pishiriqchilik bo‘yicha kasbga o‘qitish kurslari faoliyat olib boradi va bu kurslarda 20 nafar xotin-qiz kasb o‘rganadi. Shuningdek, yangi go‘zallik saloniga 10 nafar yosh qizlar jalb etildi. Mazkur maskanning topshirilishi Navro‘z tantanalariga ulanib ketdi.

 Shuningdek, bu yerda yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi. Ko‘prik tumanning Chashma va Tariq mahallasini bir-biriga bog‘laydi. Qurilish ishlari "Qo‘qon yo‘l ta’mirlash"  mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilib, salkam 2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Tariq mahallasida joriy yilda yo‘llarni ta’mirlash ishlari olib boriladi, elektr-energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi ko‘zda tutilgan.

Tumanda "Xonguzari Mirzobek" va "Oq Saroy Paint" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan istiqbolli loyihalar ishga tushirildi. Tadbirkor Olimjon Domulloyev va sohaning yosh vakili Manuchehr Mirzobekovning biznes g‘oyalari qisqa vaqt ichida ro‘yobga chiqdi. "So‘x tumanida ishlab chiqarilgan" belgisi ostida quruq qurilish materiallari, gips va mel, MDF eshik va romlari, gazoblok, pishiq g‘isht, rangli buyoq va travertin, gipsoblok va gipsoplita ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Investitsion loyihalarning umumiy qiymati 29,2 milliard so‘mni tashkil etadi.

Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Ma’murjon Botirovning ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda kichik sanoat zonasida "Xonguzari Mirzobek" ishlab chiqarish klasteri tashkil etiladi. Darvoqe, ushbu korxonalarda bugun yuz nafarga yaqin yosh ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning 30 nafari "Yoshlar daftari"dagi yigit-qizlardir.

M.Sulaymonov, O‘zA