Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘xda yangi davr shukuhi kezmoqda
10:24 / 2021-08-16

Ko‘hna va hamisha navqiron So‘xda muzaffar hayot shukuhi bugun o‘zgacha namoyon bo‘lmoqda.

 Hayotning turli qiyinchiliklariga qaramay tarixning turli so‘qmoqlaridan mardonavor o‘tib kelayotgan so‘xliklar yangi – nurli istiqbolga o‘zgacha xushkayfiyat bilan peshvoz chiqmoqdalar. Bir so‘z bilan aytganda, Farg‘onaning eng chekka hududi butunlay qayta yangilanmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 8 avgustdagi “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

– Qaror asosida tasdiqlangan 2020-2021 yillarda So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi asosida 5 ta yo‘nalishdagi keng qamrovli ishlarning ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev. – Mahallalarda elektr ta’minoti yaxshilanyapti, ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, asfalt yotqizish ishlari davom etmoqda. Aholining bandligini ta’minlash, ijtimoiy soha ob’ektlarini moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar qilinayotir. Tumanni kompleks rivojlantirishga 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ sarf etilmoqda. Shuningdek, hududiy investitsiya dasturi asosida 2021-2022 yillarda So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qiymati 119,5 milliard so‘m bo‘lgan 70 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 943 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Hozirda 22 ta loyiha ishga tushirildi, 296 kishi ish bilan ta’minlandi. Tadbirkorlikni rivojlantirish ham oldimizdagi muhim vazifalardan sanaladi.

So‘xlik yoshlar uchun o‘tgan yilda oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun davlat granti asosida kvotalarning ajratilganligi yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi. Ayni kunlarda yuzlab o‘g‘il-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Tibbiyot, ta’lim sohasida ishlash uchun malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerga kelib ishlovchilar uchun qo‘shimcha ustama haqlari, kompensatsiya berish yo‘lga qo‘yilgan, uy-joylar bilan ta’minlanmoqda.

Ayni kunlarda yurtimizning barcha go‘shalarida vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini qutlug‘ shodiyona sifatida nishonlashga katta taraddud ko‘rilmoqda. Uning shukuhini mamlakatimizning eng chekka hududlarida, xususan, So‘xda ham yaqqol sezish mumkin. Gap raqamlarda emas. Keyingi yillardagi bemisl islohotlar bugun oddiy odamlar hayotida aks etyapti. Ularni hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotir.  

Joriy yilning birinchi yarim yilligida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida muayyan ishlar bajarildi. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 43,6 milliard, xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish 30,5 milliard, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 175,5 milliard, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 56,7 milliard so‘mni tashkil etdi.  

Joriy yilning o‘tgan davrida 117 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi va bugungi kunda (dehqon-fermer xo‘jaliklaridan tashqari) 926 ta kichik biznes sub’ektlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Tumanning har bir hududida keng miqyosli qurilish-obodonlashtirish ishlari avj olgan. Xususan, umumiy qiymati 91,7 milliard so‘m bo‘lgan yirik loyiha – “Qayroq” nasos stansiyasining qurilishi davom etmoqda. Mazkur quriladigan nasos stansiyasi maydoni davlat chegarasidan 1 600 metr uzoqlikda, ya’ni “Qizilqiyoq” nasos stansiyasining So‘x daryosidan suv olish nuqtasida joylashgan. Daryodan suv olish daryoga to‘g‘on qurish orqali amalga oshiriladi. “Qayroq” nasos stansiyasi 2 ko‘tarmali bo‘lib, har birining ko‘tarish balandligi 200 metr bo‘lib, bir soniyada 1,25 m3 suv olish imkoniyatiga ega.

Chegaradosh hudud aholisini bir necha yillardan bo‘yon qiynab kelayotgan yo‘l muammosi o‘z yechimini topdi. Rishton – So‘x yo‘lining ochilgani ko‘plab qulayliklar yaratdi. Ayni kunlarda esa havo yo‘li orqali qatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

“Novobot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida umumiy maydoni 7 gektar bo‘lgan samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonlari qurilishi avjida. Bu yerda umumiy qiymati 7 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Barkamol avlod tarbiyasida maktabgacha ta’limning o‘rni katta. Keyingi yillarda chekka hududda bog‘chalar sonini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda umumiy qamrov holati 60,2 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, yil oxiriga qadar 80 foizdan oshiriladi. 24 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 28 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga besh mingga yaqin bolajonlar qamrab olingan.

Yaqinda Istiqlol mahallasida “HAPPY KIDS” oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti ochildi. Tadbirkor Ibodatxon Yusupova tomonidan tashkil etilgan maskanda barcha sharoitlar yaratilgan.

– Biz, oqsoqollar o‘zimiz mana shunday zamonni orzu qilar edik, shukronalar bo‘lsinkim, orzuimizdagi kunlarni farzandlarimiz, nevaralarimiz ko‘ryapti, – deydi shu mahallada yashovchi 90 yoshli otaxon Subhiddin Sharofiddinov. – Bog‘chadagi sharoitlarni ko‘rib havasimiz keldi.  

Tuman mahallalarini aylanarkansiz, yo‘lsozlarning mehnatiga guvoh bo‘lasiz. 160 kilomter shag‘al qoplamali yo‘llar sementobeton qoplamali yo‘llarga o‘tkazilib, asfalt qoplama yotqizilmoqda, 106 kilometr tuproq yo‘llarni esa shag‘al qoplamaga o‘tkazish hamda 40 kilometr sementobeton yo‘laklarini qurish ishlari olib borilmoqda.

O‘tgan yilda 50 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llari asfalt va beton yo‘lga o‘tkazildi, 20 kilometr piyodalar yo‘lagi qurildi hamda “Chashma” MFY xududidagi Obishirsoy ustida joylashgan “Tariq” ko‘prigi yangidan qurildi. bugungi kunda mavjud dasturlar asosida So‘x tumanida 13,7 kilometr asfaltlash, 19,4 kilometr shag‘allashtirish ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda tizimda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Dastur asosida 274 kilometr ichimlik suv tarmog‘ini tortish, 30 ta ichimlik suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunga qadar 92,6 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.

Bundan tashqari, dasturga asosan “Rovon” mahalla fuqarolar yig‘ini Obishirsoy hududida sig‘imi 500 metr/kub bo‘lgan ikkita suv inshootini qurish ishlari boshlandi. Hozirgi vaqtda ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va butun tuman aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Mazkur amaliy ishlarning yakunlanishi hudud aholisi uchun qulay sharoitlarni yaratadi.

Yaxshisi, bu bunyodkorlik ishlarini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgani bir keling. Purviqor tog‘lardek bag‘rikeng, ochiqko‘ngil so‘xliklarning mehmoni bo‘ling.  

[gallery-3435]

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA

M. Qodirov olgan surat