FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati So‘x tumanida joylashgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan tumanning Hushyor mahallasi hududidagi 13-, 14- va 28-sonli umumta’lim maktablarida o‘quvchilar ishtirokida “Osoyishta sarhad — barchamizniki” shiori ostida vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida o‘quvchi yoshlarga harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, Vatan himoyasidagi mas’uliyatli vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, xizmat itlarining namoyish chiqishlari, zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, bunday tadbirlar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, tinchlik va barqarorlik uchun mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur tadbir “Vatanparvarlik oyligi” doirasida o‘tkazilib, yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat, qonunlarga hurmat va fidokorona mehnat ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
[gallery-26951]
Qayd etilishicha, bugungi kunda yurtimizda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash, uni asrab-avaylash va ravnaqiga hissa qo‘shish har bir fuqaroning muqaddas burchi hisoblanadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA