14 yanvar –Vatan himoyachilari kuni
So‘x Qirg‘iz Respublikasi ichkarisida joylashgan mamlakatimizga qarashli tumandir. Uning chegaralarini DXX tizimi qismlari qo‘riqlaydi. Bu yerda harbiylar uchun munosib xizmat o‘tash uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida aholi, ayniqsa. yoshlar bilan uchrashuvlar, ma’naviy tadbir va sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda. So‘x tumanidagi 21-maktabda DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qurol-yarog‘ hamda xizmat itlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Yoshlarga O‘zbekiston harbiy texnika va qurollari haqida batafsil ma’lumot berildi. Kelgusida hayotini shu sohaga bag‘ishlamoqchi bo‘lgan yigitlar bilan doimiy mashg‘ulotlar olib boriladigan bo‘lishdi.

Harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida mahallalarda aholi va yigit-qizlar ishtirokida “Men g‘olibman” loyihasi amalga oshirilyapti. Harbiylar va chegara qo‘shinlari vakillari sportning bir necha turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etib, g‘oliblarni qism nomidan taqdirlamoqdalar.

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni esa So‘x tumanida DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va aholi ishtirokida tantanali ravishda nishonlanishiga hozirlik ko‘rilmoqda.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA