Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘xda davlat arxivining yangi binosi ochildi
07:00 / 2022-03-03

Anklav hududda joylashgan So‘x tumani davlat arxivi uzoq yillardan buyon turli tashkilotlarda ijarada turib, faoliyat yurtib kelayotgan edi. Bu esa arxiv hujjatlarini jamlash, saqlashda qiyinchiliklar tug‘dirar edi.

Endilikda bu muammo butunlay bartaraf etildi. Tuman davlat arxivi uchun yangi bino bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Mamlakatimizda arxiv ishini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda. 


Arxiv xodimlari va foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilayotir. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 avgustdagi “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida qurilgan mazkur arxiv binosi ana shu ishlarning uzviy davomidir. Loyiha davlat arxivining byudjetdan tashqari mablag‘lari, qolaversa, Farg‘ona shahar shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivining ko‘magi hamda homiylar hisobidan qurib bitkazildi.  
–Ayni kunda tuman davlat arxivi bo‘limida 4 nafar xodim faoliyat olib boramiz. Zamonaviy tarzda jihozlangan saqlov xonasida 5 ming donadan ortiq hujjatlar saqlanadi. Shundan 3 ming 600 tasi boshqaruv, 1 ming 400 tasi shaxsiy tarkib hujjatlari hisoblanadi, – deydi tuman davlat arxivi direktori Abulhay Nimonov. 
Tadbirda so‘zga chiqqan "O‘zarxiv" agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov, So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev mamlakatimizda “inson qadri uchun” degan g‘oya so‘xliklar hayotida ham o‘z ifodasini topayotganini ta’kidlashdi. Xususan, zamonaviy davlat arxivining yangi binosi fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatishda katta qulaylik bo‘lganligi e’tirof etildi.  
Bu yerdagi xonalarga zamonaviy jihozlar, kompyuter jamlanmalari, internet tizimi, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, agentlik direktori ishtirokida tuman davlat arxivida jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabul tashkil etildi. Unda fuqarolar o‘z masalalari bo‘yicha aniq va batafsil javob oldi.  
 

M. Sulaymonov, O‘zA  
Qodirov olgan surat