Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi “So‘x shafran” kooperativi tomonidan dorivor za’faron yetishtirish, gulini terib saralash va eksportga chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Besh gektar maydonda parvarishlanayotgan za’farondan o‘tgan yili 20 kilogrammdan ortiq hosil olingan bo‘lsa, bu yil 50-60 kilogramm qimmatbaho xom ashyo yig‘ib olish rejalashtirilmoqda. Saralab tayyorlangan mahsulot ichki va tashqi bozorga chiqarilyapti. Yaqin kunlarda “So‘x shafran” brendi ostida Quvayt va Eron davlatlariga dastlabki mahsulotlar turlari eksportga chiqariladi.

– Za’faron inson salomatligini asrashda, shifobaxshlikda tengsiz xususiyatga ega o‘simlik, – deydi “So‘x shafran” kooperativi rahbari Rashodjon Odilboyev. – Qadimdan ushbu giyoh ziravorlar sultoni yoki “qizil oltin” deya e’tirof etilib, yuqori baholanib kelingan. Uch-to‘rt yil avval bu o‘simlikning piyoz tuganaklarini Ispaniyadan olib kelib, uy sharoitida ko‘paytirishni boshlaganmiz. Keyin tuman hokimligi tashabbusi bilan “Chashma” mahalla fuqarolar yig‘inining Vargan massividan 12 gektar yer ajratib berildi. Hozircha besh gektar maydonda za’faron plantatsiyasi tashkil etganmiz. Oktyabr oyida o‘simlik to‘liq gullaydi, ana shu vaqtda yig‘im-terim boshlanadi va bu 40-45 kun davom etadi. Har kuni yuzlab xotin-qizlarni terimga jalb etamiz. Terimdan keyin saralash, quritish, qadoqlash ishlari davom etadi.
Za’faron xalq tabobatida ko‘plab kasalliklarga davo sifatida qadrlanib keladi. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino za’faron damlamasi ko‘zni ravshan qilishi, yurak va nafas olish a’zolari faoliyatini yaxshilashini ta’kidlagan. Shuningdek, uning gulidan olingan xom ashyolar pazandachilik va farmatsevtika sohalarida ham ishlatiladi.
Bu shifobaxsh o‘simlikning deyarli 90 foizi Eronda, qolgan qismi Xitoy, Italiya, Turkiya, Fransiya, Hindiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston kabi mamlakatlarda yetishtiriladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston ham za’faron yetishtiruvchi davlatlar qatoriga qo‘shilmoqda. Olis So‘xda amalga oshirilayotgan loyiha bu boradagi tashabbuslarni yanada kengaytirish, qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini bermoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA