Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘x yangilanishlar og‘ushida
16:40 / 2021-12-30

Yakuniga yetib borayotgan yilda Farg‘ona viloyatining eng chekka hududi So‘x tumanida ham keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Mahallalar qiyofasi yangilanib, aholining turmush darajasi yaxshilandi, yuzlab ish o‘rinlari yaratildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari bilan mazkur tumanda bo‘ldi. Dastlab Javpaya massividagi ishlar bilan tanishildi.

So‘xda har bir qarich yer oltinga teng. Foydalanilmayotgan yerlarda irrigatsiya ishlarini bajarish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga o‘zlashtirish, bu yerlarni yoshlarga ajratib berish orqali ularni ish bilan, daromad bilan ta’minlash  maqsadida 1000 gektar yerni o‘zlashtirish ishlari boshlandi. Rejaga ko‘ra, o‘zlashtirilayotgan yerlar atrofdagi 4 ta qishloqda yashovchi 1000 ta oilaga 1 gektardan bo‘lib beriladi, har bir oila uchun 10 sotixli issiqxona-limonariy tashkil etiladi.

Viloyat rahbari bu yerda mahalliy aholi vakillari bilan muloqot qildi. Mutaxassislar tomonidan quduq burg‘ulab, suv chiqarish ishlari boshlanayotgani, 6 kilometrdan tarmoq tortib elektr nimstansiya o‘rnatilishi ma’lum qilindi. Issiqxona-limonariylar uchun unumdor tuproq keltirish ishlari va ko‘chat olishga ko‘mak berilishi qayd etildi. Shuningdek, har bir oilaga 10 qutidan asalari tarqatilib, qo‘shimcha daromad manbai shakllantiriladigan bo‘ldi. Namuna sifatida barpo etilgan issiqxona-limonariylar ko‘zdan kechirildi, limon ko‘chatlari o‘tqazildi. Beriladigan 1 gektarlik yer maydonlarida pistazor, kavrakzorlar tashkil etiladi, oralarida turli ekinlar ekiladi. Suv chiqarilgach, hovuzlar barpo etilib, barcha maydonlarda tomchilab sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bugundan boshlab massivni o‘zlashtirish bo‘yicha viloyat hokimligining maxsus shtabi doimiy ravishda shu joyning o‘zida faoliyat ko‘rsatadigan bo‘ldi.

Viloyat hokimi bilan suhbatlashgan mahalliy yoshlar bo‘layotgan ishlardan, taqdim etilayotgan yer egasiga aylanib daromad topish imkoniyatidan mamnunligini aytib, migrant bo‘lib xorijda ishlashdan ko‘ra o‘z uylarida yashab, halol mehnat bilan pul topish uchun yaratib berilayotgan sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

“Qal’acha” mahalla fuqarolar yig‘inida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi. Tadbirkor ayol Matluba Vohidova tashabbusi bilan qurib bitkazilgan ushbu bino uchun 950 million so‘m mablag‘ sarflandi. Bu yerda zamonaviy savdo do‘koni ham ish boshladi.

Viloyat hokimi ochilish marosimida ishtirok etdi. “Tristar Gold – 2022” korxonasi tomonidan bo‘sh turgan binoda tashkil etilgan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. So‘x tumanida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdim etilgan soliq imtiyozlaridan ruhlanib tashkil etilgan korxonaga tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘mdan ziyod investitsiya yo‘naltirilgan. Ayni paytda 100 dan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etilib, tikilayotgan erkaklar uchun ichki kiyimlar xorijga, xususan, Ukrainaga eksport qilinmoqda.

Yakuniga yetib borayotgan yilda Farg‘ona viloyatining eng chekka hududi So‘x tumanida ham keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Mahallalar qiyofasi yangilanib, aholining turmush darajasi yaxshilandi, yuzlab ish o‘rinlari yaratildi.

“Sokh Oasis Trade” korxonasi tomonidan parrandachilik klasteri tashkil etilmoqda.  Viloyat rahbari bu loyihani ham ko‘zdan kechirdi. Qiymati 3,6 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida qurilish va jihozlash ishlari yakuniy bosqichda bo‘lib, tadbirkor faoliyatni boshlash uchun gaz ta’minotida muammolar mavjudligini ma’lum qildi. Qisqa muddatda 1,5 kilometr masofadan gaz tarmog‘i bo‘yicha soha mutasaddilariga qat’iy topshiriq berildi, buning uchun viloyat byudjetidan 360 million so‘m ajratib beriladigan bo‘ldi.

Sharqobod mahallasida qurib bitkazilgan yangi ko‘prikning foydalanishga topshirilishi katta shodiyonaga aylandi.Tuman markazini Sharqobod bilan bog‘laydigan bu zamonaviy inshootning rekonstruksiya qilish ishlariga 5 milliard 170 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilgan yangi zamonaviy ko‘prik tuman aholisiga yangi yil tuhfasi bo‘ldi.

So‘xliklar viloyat hokimi bilan muloqotda Prezidentimizning alohida e’tiborini har kun, har jabhada his etib turganini ta’kidlab, minnatdorlik bildirdi.

 

M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA