Hayot-mamoti tibbiy texnikaga bog‘lanib qolgan bemorlar bor. Bu buyrak yetishmovchiligidir. Dastlab haftada bir, so‘ng ikki va vaqt o‘tishi bilan haftada uch bor qonni tozalatishi lozim. Va bu ish faqat va faqat zamonaviy apparatlarda amalga oshiriladi.
So‘x tumanida 90 mingga yaqin aholi yashaydi. Bugun ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi ancha yuqori. Buni aholi ham, amaldorlar ham, shifokorlar ham bilishadi, e’tirof etadilar.

– Oxirgi yillarda So‘x tumanida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Gemodializ bo‘limini ochdik. MSKT tomografi o‘rnatildi. Avval chegaradan o‘tib tekshiruvga borsa, hozir bir soatning ichida bemor ko‘riladi. UZI, DGDS apparatimiz bor, undan xalq minnatdor, – deydi So‘x tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Barotjon Ma’rupov. – Telemeditsina usulida Farg‘ona, Toshkentdagi mutaxassislar bilan maslahatlashib davolashni yo‘lga qo‘ydik.
Tibbiyot tizimi rahbarlari So‘xda uch bosqichli islohotni amalga oshirishdi. Birinchidan, zarur tibbiy texnik jihozlar bilan, ular orasida noyoblari ham bor, shifoxona-yu poliklinikalar ta’minlandi. Ikkinchidan, tibbiyot xodimlarining malakasi oshirildi, ixtisoslashuv joriy etildi. Uchinchidan, Farg‘ona va boshqa tibbiyot rivoj topgan shahar-tumanlardan oliy malakali shifokorlarga imtiyoz berib, So‘xga yuborildi. Natijada So‘x ahli uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

MSKT, ya’ni bemorga to‘liq tashxis qo‘yish apparati keltirildi. Bemorlar bunday xizmatga juda-juda muhtoj edilar va bunday xizmat uchun ikki bor chegara kesib o‘tib Farg‘ona yoki Qo‘qon shahriga borardi.
Buyrak yetishmovchiligiga uchragan bemorlar, ularning yaqinlarining tashvishlari ham yengillashdi.

– Men Mansurjonning akasiman. U buyrak yetishmovchiligi dardiga yo‘liqdi. 8 yildan buyon shaharda ijarada yashab, haftada ikki marta dialez qildirar edik, – deydi Mirojiddin Obidjonov. – Davlatimiz So‘xga alohida e’tibor qaratib, dialez apparatini berdi. Hozir shu yerda haftada ikki marta olyapmiz. Xudoga shukr, Mansurjon yaxshi.
Mansur Mamajonov salkam o‘n yildirki, dialez xizmatiga muhtoj. Hayoti, avvalo, Allohga va keyin shu apparatga bog‘liq bo‘lib qolgan. Bunday apparat viloyatda sanoqli shaharlarda bor. Mana endi u So‘xda ham ishlab turibdi.

– Tumanda 24 ta buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemor bor. Kuniga ikki marta uchtadan oltita bemorga xizmat ko‘rsatyapmiz, – deydi shifokor Muhriddin Dodoyev.
Ha, davlat ko‘rsatayotgan alohida g‘amxo‘rlik tufayli So‘x viloyatning tibbiy markazlaridan biriga aylanib boryapti.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9L6hxpDaVQk" title="Soʻx tibbiyot markazlaridan biriga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA muxbirlari