Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘x maktablarida “hayot darslari” joriy etildi (+video)
13:51 / 2023-10-08

Hayotdagi barcha ne’matlar zaminida ilm turadi. Bu hikmatli so‘zlar necha ming yillar avval aytilgan, bilmadik, ammo hozir ham ayni dolzarb ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda So‘x tumani ta’lim tizimi o‘quvchilarning bilim darajasi yuqorilab bormoqda. Bu yerda 30 ta umumiy o‘rta va 3 ta ixtisoslashgan maktablar bor. Ularning barchasi ko‘rkam o‘quv binolariga ega. Darslar kompyuterlar bilan jihozlangan barcha sharoitlarga ega sinf xonalarida o‘tilyapti. Qolaversa So‘xning uzoq tog‘ qishloqlaridagi maktablarda yangi binolar qurilish ishlari to‘xtagani yo‘q.

- 12, 9, 10 - maktablarimizda qo‘shimcha binolar, 27 va 24 - maktablarimizda esa isitish tizimi xamda sport zallari qurildi, - deydi So‘x tumani maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Gulnozaxon Usmonova.

So‘x tumani maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Usmonova umrini ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlagan inson. Tinib tinchimaydi. Maktab kutubxonalari fondi, o‘quv darsliklari bilan ta’minlanganlik uning uchun muhim yo‘nalishlardan biri.

- Maktablarimiz kitoblar bilan yuz foiz ta’minlangan. 17 ta maktabda o‘zbek va tojik tilida o‘qitiladigan sinflar bor. Qolganlarida faqat tojik tilida o‘qitiladi, - deydi Gulnozaxon Usmonova. Yangi o‘quv yili boshlanishida bizga 43 ta kompyuter, 3 ta elektron doska keldi. Hozir yana 143 ta kompyuter berilyapti.

Gulnoza Usmonova So‘xda yana bir yo‘nalishni “majburiy” qilib qo‘ygan. Hayot yo‘li qiyinchilik va quvonchli kunlardan iborat bo‘lgan tajribali insonlarni, ular qaysi kasb egasi bo‘lmasin, maktabga jalb qildi. Haftada bir marta barcha maktab yuqori sinf o‘quvchilari asosiy darslardan so‘ng “hayot darsi”ni oladilar. Bunday muallimlardan biri O‘ktam aka Safarovdir.

- Nafaqaga chiqqanimga uch yil bo‘ldi. Shundan buyon maktabga kelib 10-11 sinf o‘quvchilariga vatanni sevish nimadan boshlanadi, kasbiy faoliyatim, hayotda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti, Prezident g‘amxo‘rligi xaqida so‘zlab beraman, - deydi u.

So‘xdagi 11 o‘rta umumta’lim maktabida o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham voqeliklarni o‘zicha talqin qiladigan, qiziqarli suhbatdosh O‘ktamjon akani “o‘zimizning odam”, deb biladilar.

- Bolalar fizika, ximiya kabi fanlarni yaxshi o‘qishi kerak, albatta. Ammo ular hayot darsini xam o‘rganishi lozim, - deydi O‘ktam aka. - Men hayot darsi o‘tayotganim uchun haq olmayman. Lekin bolalar tarbiyasiga hissa qo‘shayotganimdan o‘zimni baxtli deb bilaman.

Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi o‘tkazayotgan fan olimpiadalari g‘oliblari orasida tobora so‘xlik o‘quvchilar ko‘payib bormoqda. 28 maktab o‘quvchilari Shodiyona Sobirjonova va Ziyorat Qodirjonovalar dastlab bilimlar bellashuvi, so‘ngra olimpiadalarda ishtirok etib g‘olib bo‘lib kelishmoqda.

- Tojik tilidan viloyat bosqichida ishtirok etib birinchi o‘rinni egalladim. Endigi maqsadim respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallash, - deydi Shodiyona Sobirjonova. - Kelgusida xalqimga, vatanimga xizmat qiladigan shaxs bo‘lishga harakat qilaman.  Mening eng buyuk maqsadim shu.

So‘xlik maktab o‘quvchisi jahon chempioni, degan xabarga taajjublanganlar bo‘lgandi. Ammo Burhoniddinov Ozod karatening haddini aynan maktab sport zalida olgan va o‘quvchi bo‘la turib 70 kilogramdagi kattalar baxsida tengsiz deb tan olindi.

- Sportning karate turi bo‘yicha 13 - jahon chempionatida qatnashib faxrli birinchi o‘rinni oldim va So‘xga oltin medal bilan qaytdim. Noyabr oyida Yaponiyada bo‘ladigan musobaqada ham qatnashaman. Niyatim u yerda ham oltin medalga erishish.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qQ53EhTRZ0k?si=XGQ-T2UfeVNlOr-B" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Ozodni birinchi bo‘lib tabriklagan ham uning mehribon ustozi Gulnozaxon Usmonova edi. Hozir jahon chempioni izidan borib maktab sport zallarida shug‘ullanayotganlar qancha.

Yuqorida qayd etilganidek, So‘xda asosan tojik tilidagi maktablar faoliyat ko‘rsatadi. Viloyatlardagi Prezident maktablariga esa imtixonlar o‘zbek tilida. Shunday bo‘lsada bu sinovlarda yuzlab so‘xlik o‘quvchilar ishtirok etishdi.

- Oddiy oiladagi bolalar Prezident maktabiga kiraman, deb borishdi. Asosiysi ishtiyoq, intilish bor. Ota-onalarda bolalarim o‘qisin degan orzu umid bor, - deydi Gulnozaxon Usmonova.

O‘zbekiston Prezidenti qarorlari bilan so‘xlik yoshlarga juda ko‘p imtiyozlar berildi, jumladan ta’lim sohasida ham. Bu So‘xdan kelgusida yirik olim, yetuk mutaxassislar chiqishiga zamin yaratmoqda.

Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov