Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
So‘x: Javpoya mo‘jizasi (+video)
18:54 / 2024-05-08

Dunyo mo‘jizalari deganda bizga ma’nan yaqin bo‘lgan Agradagi “Toj mahal”ni tilga olamiz. Albatta Xitoy devori ham yodga tushadi. Keyin Iordaniyadagi qurib qolgan dengiz ostidagi bundan 10 ming yil avval bunyod etilgan Petro shahri haqida gapiramiz. Shuningdek Lotin Amerikasidagi sharsharalar ko‘z oldimizga keladi. Bular hammasi tarix. Ammo Yangi O‘zbekistonda dunyo e’tirof etishiga munosib mo‘jiza yaratildi. Bu – So‘xdagi Javpoya mo‘jizasidir.

Javpoya – So‘xning janubidagi tog‘ va tog‘ etaklaridagi qir-adirlar. Aytishlaricha, qachonlardir o‘tmishda bu yerlarga lalmi arpa sepib yomg‘ir suvida undirganlar va chorva boqishgan. 

Oradan juda ko‘p, balki yuz yilliklar o‘tgandir. Shundan keyin qadimiy Javpoyaga Yangi O‘zbekiston shamoli keldi. 

– Viloyatdan 80 tadan ortiq serunum texnika keldi. Bu yerlarni tekislab, xaydashdi. Toshlari terildi va ko‘rib turganingizdek bog‘ paydo bo‘ldi, - deydi Javpoya loyihasi jonkuyarlaridan biri Yusufjon Usmonov. 

Inson irodasi balki eng kuchli quroldan ham qudratlidir. So‘xning eng katta muammosi – aholi zichligi va tekis yerning yetishmasligi edi. Inson irod qildi va tog‘lar orasidagi balandliklardan kesib olib bog‘lar yaratgulik maydonlar tashkil qilindi. Yer unumdor, chunki yomg‘irda ungan o‘t-o‘lanlar, giyohlar quyosh nuri tig‘ida qurib tuproqqa qorilgan va unga quvvat baxsh etgan. Faqat suv, suv kerak edi bu asriy biyobonlarga. 

– Daryo satxidan 1350 metr balandlikda 210 gektar bog‘ qilingan. Xammasi o‘rikzor. Suvni So‘x daryosidan 5 kilometr quvur tortib balandlikka olib chiqilgan, – deydi Yusufjon Usmonov. 

Dengiz satxidan qariyib bir yarim ming metr yuqorida, aytish mumkinki, mo‘jaz sun’iy ko‘l barpo etildi. Unga 30 ming metr kubdan ziyod suv sig‘adi. Mutaxassislar 210 gektar past-baland maydondagi har bir ko‘chat tagiga tomchilatib sug‘orish tizimini yetkazishdi. 

– Tomchilatib sug‘orishni biz o‘zimiz joriy qildik. Ko‘chatlarni boshqa viloyatlardan olib kelib ekib berdik, – deydi “So‘x kelajagi bunyodkori” kooperatsiyasi rahbari Polvonjon Obidov. –O‘rikdan tashqari ko‘chatlarning ostiga tarvuz, oshqovoq, loviya, boshqa dukkakli o‘simliklar ekildi. 

Ulug‘lar ezgu niyat va xayrli duo xosiyatli bo‘ladi, deyishadi. Javpoyada ezgu niyat qilib duo bilan yer o‘zlashtirildi, ko‘chat ekildi, suv keltirildi. Bir yil, atigi bir yil o‘tib 1350 metr balandlikda, xaybatli taog‘larni lol qoldirib uning bag‘rida ko‘rkam bog‘ paydo bo‘ldi. 

– Oldi mevaga kirdi. Bizning So‘ximizda ikkinchi So‘x paydo bo‘ldi, xudo berdi. Bu yerlar prezidentimiz sharofati bilan obod bo‘lib ketdi, –deydi Yusufjon Usmonov. – Suvimiz yaxshi, kamchiligimiz yo‘q. Yana 400 gektar ekmoqchimiz. Mevasini eksportga chiqaradigan zamonaviy bog‘ yaratildida. 

Bugun Javpoyani har bir So‘xlik biladi, ular shu joyda yana yangi yerlar ochilarmikan, deya savolga tutadi. Sababi, masalan, birgina 2880 nafar aholi yashaydigan Qal’acha mahallasining o‘zida ishsiz degan maqomdagi yoshlar qolmadi. 

– Javpoya massivi o‘zlashtiriganidan keyin bizning mahalamizdan 180 nafar ishsiz ayol va yoshlarga 50 sotixdan bog‘ berilib, ularning bandligi ta’minlandi, - deydi Qal’acha mahallasi xotin-qizlar faoli Sayram Turg‘unaliyeva. 

Havo harorati ancha past, ko‘chat esa yosh bo‘lishiga qaramay shohlarda bo‘liq meva nishonasi ko‘rindi. Javpoya bog‘laridagi subxoni o‘rik g‘o‘ralari erta-indin rang oladi, shiraga to‘la mazaga kiradi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BdXSA4rmUoI" title="SOʻX: JAVPOYA MOʻJIZASI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Xo‘sh, endi atingchi, Yangi O‘zbekistonning yangi bog‘lari dunyoning qaysi mo‘jizasidan kam? 

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), Muslim Yusupov, O‘zA