Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sovuq tufayli siquv kompressor stansiyalarida avariyali to‘xtalishlar kuzatilishiga qaramay, tabiiy gaz qazib olish barqarorligi ta’minlanmoqda
22:33 / 2023-01-11

Mamlakatimiz bo‘ylab sovuq harorat hukm surmoqda. Energetika vazirligi va uning tizimidagi korxonalar iste’molchilarni tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.

Shunga qaramasdan, sovuq harorat tizim ishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Bunda elektr tarmoqlari va siquv kompressor stansiyalarida avariyali holatlar kuzatilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimov ikki kundan buyon hukm surayotgan sovuq harorat sababli siquv kompressor stansiyalarida avariyali to‘xtalishlar kuzatilayotganini ma’lum qildi.

– «O‘zbekneftgaz» AJ rahbariyati topshirig‘iga asosan anomal sovuqda siquv kompressor stansiyalari va texnologik qurilmalarning uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida konlarda, texnologik ob’ektlarda tezkor Shtablar tashkil etildi, –dedi S. Hoshimov. – Shtablarga jalb qilingan mutaxassislar tomonidan qurilmalarni barqaror ishlatish uchun muzlashga qarshi kimyoviy reagentlar bilan ishlov berish, nazorat o‘lchov asboblari, elektr qurilmalari va boshqa jihozlarning sovuq haroratda ham uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Shunga qaramay, ayni vaqtda respublikada kuzatilayotgan anomal sovuq texnologik ob’ektlardagi qurilmalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Sharli kranlar va quvurlarni muzlab qolish hamda elektr tizimidagi uzilishlar sababli «O‘zbekneftgaz» AJ zavod va boshqarmalarning siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarida avariyali holatda to‘xtashlar kuzatildi.

Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Shimoliy Nishon» siquv kopressor stansiyasidagi 3 ta gaz haydash agregatlari, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Zevarda» va «Dengizko‘l» konlaridagi 2-siquv kopressor stansiyalarida agregatlar avariyali holatda to‘xtadi.

Tezkorlik bilan ko‘rilgan choralar natijasida «Shimoliy Nishon» siquv kompressor stansiyasiga uzatilayotgan konlardan gaz qazib chiqarish kamayishining oldini olish maqsadida gaz «Sho‘rtan» 2-stansiyasiga yo‘naltirildi va ushbu stansiyadagi gaz haydash agregatlarining quvvati oshirildi.

Ushbu holat boshqarmalar tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatib, maksimal darajada ko‘rilgan choralar natijasida tovar gaz katta qisqarishlarining oldi olinmoqda.

Kunning keskin sovuq bo‘lishiga qaramay, departament va boshqarmalar mutaxassislari tomonidan olib borilgan tezkor sa’y-harakatlar natijasida to‘xtab qolgan gaz haydash agregatlari va texnologik qurilmalarni navbatma-navbat ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Hozir «Zevarda» 2-siquv kompressor stansiyaning 200-sonli va «Shimoliy Nishon» stansiyasining 300 va 400- sonli agregati ishga tushirildi. «Dengizko‘l» siquv kompressor stansiyasidagi 200-sonli gaz haydash agregatini ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Muhimi, anomal sovuq tufayli siquv kompressor stansiyalarida avariyali to‘xtalishlar kuzatilishiga qaramay, tabiiy gaz qazib olish barqarorligi ta’minlanmoqda. 

Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi, O‘zA