Ayni kunlarda yurtimizda sovuq ob-havo tufayli kommunal sohada muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva barcha boshqaruv tashkilotlari, xususan, boshqaruv servis kompaniyalari, shirkatlar va o‘z-o‘zini boshqaruvchi organlar rahbarlari murojaat bilan chiqdi.
«Ma’lumki, yurtimizda bugungi kunda 40 mingga yaqin ko‘p xonadonli uylarimizda 5 million nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizda havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan ko‘p qavatli uylardagi kirish yo‘laklari eshiklarining sozligi va doimiy yopiq turishini ta’minlash, kirish yo‘laklarini qor va muz qoplamalaridan tozalash, bunda tuz va qum aralashmasidan foydalanish hamda uylar atrofi tozaligiga qattiq e’tibor berishingizni so‘raymiz.

Hozirgi sovuq sharoitida mas’uliyatingiz va safarbarligingizni yanada oshirishingiz darkor. Ayniqsa, aholi murojaatlari bilan ishlashda yanada e’tiborliroq bo‘lish lozim. Har bir boshqaruv tashkilotida tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmatlari bo‘lishi shart. Zero, aholi murojaati e’tiborsiz qolmasin. Sohaga doir qanday muammo kuzatilsa, tezkorlik bilan bartaraf etilishi kerak. Boshqaruv tashkilotlari rahbarlariga yana bir iltimosimiz borki, barcha ishchi xodimlaringizni issiq oyoq, qaynoq choy va ovqat bilan ta’minlanishini nazorat qiling.
Bir-ikki kunlik sovuq kunlarda barcha kommunal soha xodimlari birlashsak, o‘ylaymanki, xalqimiz va davlatimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Barchangizga sohamizdagi mashaqqatli va shu bilan birga xayrli ishlaringizda kuch-quvvat tilayman», deydi Ozoda Jo‘rayeva o‘z murojaatida.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/lmMbEbOB7e8" title="Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva kommunal soha vakillariga" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sh. Mamaturopova,
O‘zA