Energetika vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr ta’minotidan uzilishi haqida tasdiqlanmagan xabarlar e’lon qilinayotgani yuzasidan munosabat bildirdi:
“Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan qoidalarning 63-4-bandiga asosan iste’mol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasi iste’moli yuklama orqali chegaralanishi, bunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan va joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10 – 15 kVt quvvat doirasida cheklov kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Demak, soatiga 4,5 kilovatt soat degan gap shu bandning noto‘g‘ri talqini bo‘lmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu amaliyot iste’mol yuqori bo‘lgan joylarda qo‘llaniladi va iste’molchi ortiqcha uskunalarni o‘chirib, kuchlanishni belgilangan me’yordan kamaytirsa, hisoblagich uzog‘i bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonadi.
Biroq havo haroratining sovuq kunlarida iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilindi. Ya’ni, xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan me’yordan ortiqcha foydalanganda, hisoblagich avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yilmaydi.
O‘z navbatida, keraksiz, ortiqcha elektr uskunalardan imkon qadar foydalanmaslik, elektr energiyasini tejash va behuda yonib yotgan quvvatlarni o‘chirib qo‘yish so‘raladi.
Agar xonadoningizda elektr toki ortiqcha yuklama bilan o‘chgan bo‘lsa, yuklamani kamaytirganingizdan so‘ng elektr ta’minoti 10 – 15 daqiqa orasida avtomatik ravishda tiklanadi.
Malumot o‘rnida, soatiga 15 kVt ishlatish uchun qancha elektr uskunalari yonib turishi kerakligini bilasizmi? Masalan, 15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning o‘zida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, o‘rtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerak. 3 ta televizor hamda 20 ta lampochkaning iste’mol hajmi, nari borsa, 1,5-2 kVt soat bo‘lishi mumkin xolos”, deyiladi munosabatda.
O‘zA