Buxoro shahridagi “Umid” sport majmuasida futbol bo‘yicha “Viloyat hokimi sovrini” uchun tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvi yuqori ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro davlat universitetining “BuxDU” hamda Peshku tumanining “Qoraqalpoq” jamoasi o‘zaro kuch sinashdi.
Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida BuxDU futbolchilari ustunlikka erishib, g‘alabani qo‘lga kiritdi. Natijada “Viloyat hokimi sovrini” doirasida 50 million so‘mlik pul mukofoti g‘olib jamoaga topshirildi.
Mazkur bellashuv viloyatda futbolni rivojlantirish, iqtidorli futbolchilarni aniqlash va sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi. “Umid” stadionidagi ushbu o‘yin futbol ishqibozlari uchun haqiqiy sport bayramiga aylandi.
[gallery-26847]
– Bu g‘alaba jamoamiz uchun juda katta ahamiyatga ega. Maydonda har bir o‘yinchi bor kuchini berib harakat qildi. Bunday musobaqalar futbolchilar uchun katta tajriba maktabi hisoblanadi. Shu munosabat bilan davlat rahbari sportni qo‘llab-quvvatlayotgani va futbolga yuksak e’tibor qaratayotgani uchun jamoamiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Bu ishonch bizga yangi yutuqlar sari ilhom bag‘ishlaydi, – deydi “BuxDU” futbol jamoasi a’zosi Diyop Karimov.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.