Navoiy shahrida yashovchi fuqaro R.B.ning voqeasi orqali yana bir bor iste’molchi sifatida kishi o‘z huquqlarini bilishi lozimligi qanchalik muhim ekanini anglash qiyin emas.
Gap shundaki, 2025 yil 27 sentyabr kuni R.B. telefon orqali Navoiy shahridagi savdo do‘koniga “lotereya tadbiri”ga taklif qilinadi. Do‘konda o‘tkazilgan tadbirda turli maishiy texnika vositalari reklama qilinib, “yutib olingan sovg‘alar” haqida go‘yo ishonchli ma’lumot beriladi.
Reklama va “sovg‘a” va’dalariga ishongan fuqaro 28 million so‘mlik shartnomani imzolaydi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, u tuzilgan kelishuv o‘z manfaatiga zid ekanini, tovarlar esa, bozor narxidan ancha qimmatligiga amin bo‘ladi. Uning bu haqda o‘yin tashkilotchilariga qilgan murojaatlari esa besamara ketadi.
Fuqaro oxir oqibat mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida esa shartnoma iste’molchi manfaatlariga zid ravishda tuzilgani aniqlandi.
O‘rganishlar yakunida fuqaroga huquqiy tushuntirish va amaliy yordam ko‘rsatilib, 28 million so‘mlik shartnoma bekor qilindi. R.B.ning iste’molchi sifatidagi huquqlari to‘liq tiklandi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ekti vakillariga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari tushuntirilib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirildi.
Hozirgi kunda ayrim “noinsof tadbirkorlar” tomonidan “lotereya”, “chegirma”, “sovg‘a” yoki “eksklyuziv aksiya” bahonasida fuqarolarni aldash holatlari uchramoqda. Shu sababli har bir xaridor ehtiyotkor bo‘lishi, har qanday shartnomani imzolashdan avval uni diqqat bilan o‘qib chiqishi, shubhali takliflarga ishonmasligi lozim.
Xullas, har birimiz o‘z huquqlarimizni bilsak, noinsof savdogarlarga yo‘l qolmaydi
A.Bo‘riyev, O‘zA