Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sotuvdagi hiylalar: Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlikka chaqirdi
12:34 / 2025-12-03

Axborot texnologiyalari va turli sotuv usullari jadal rivojlangan bugungi sharoitda iste’molchilar turli aldov sxemalariga tez- tez uchrab, moddiy va ma’naviy zarar ko‘rish holatlari ko‘paymoqda.

Bu holatlarga ko‘plab misollarni keltirish mumkin bo‘lib, shulardan biri haqida iste’molchilarni Raqobat qo‘mitasi ogohlikka chaqiradi.

Iste’molchilardan qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan axborotlarga ko‘ra, “savdo-dilerlik korxonasidanmiz”, deya o‘zini tanishtirgan shaxslar tomonidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, "cizni tabriklaymiz, mahsulotimiz uchun katta miqdorda chegirma va bonusga ega bo‘ldingiz" qabilidagi so‘zlar bilan ularning ishonchiga kirmoqda.  

“Agar bir kun ichida mahsulotni olib ketmasangiz, chegirmadan mahrum bo‘lasiz” kabi so‘zlar bilan odamlarni jalb qilayotgani va mahsulot xususiyatlari haqida bo‘rttirib ta’riflash orqali ularni sotishga erishayotgani, oxir-oqibat esa bu mahsulot aytilganidek ijobiy ta’sirli emas yoki sifatsiz va albatta, qimmatga sotilgani oydinlashmoqda.

Asosiy hiyla xarid yoki xizmatdan foydalanish uchun iste’molchilarga “yangi xaridorlar olib kelish” talabi qo‘yilayotganidir.

Misol uchun, Qo‘mitaga kelib tushgan aniq bir holatga ko‘ra, yuqoridagi kabi usullarda fuqaroga massaj kursisi xarid qilish bonusiga ega bo‘lgani bildirilib, agar ushbu mahsulotni xarid qilsa, “bonus” tariqasida havo tozalagich va qo‘l massaj qiluvchi (ruchnoy massajyor) bepul taqdim etilishi aytilgan.

Sotuvchilar hatto fuqaro mahsulotni biryo‘la xarid qilish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmasa-da, muddatli to‘lov (kredit) asosida ham sotib olishi mumkinligini ma’lum qilib, fuqaroning identifikatsiya ma’lumotlarini olgan holda rasmiylashtirilgan turli shartnomalarga imzo qo‘ydirib oladi. Shuningdek, mahsulot yoqmasa 10 kun ichida qaytarib olib, to‘langan pulni to‘liq miqdorda qaytarib berilishi aytilgan.

Biroq, keyinchalik fuqaro uy sharoitida ushbu mahsulotlardan foydalana olmasligini, o‘zi (nafaqada) va nogiron turmush o‘rtog‘idagi bel va umurtqa pog‘onasidagi kasalliklarda ushbu mahsulotni qo‘llash xavfli ekanini, qolaversa har oylik kredit to‘lovini to‘lashga moddiy imkoniyati yetmasligini bilgandan so‘ng mahsulotni qaytarib berishga majbur bo‘ladi. Ammo, “firma” tomonidan mahsulotlar to‘liq qaytarib olinmaydi. Chunki, fuqaroda shartnoma nusxasi mavjud emasligi, firmaning rekvizitlari haqida aniq ma’lumot yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarga har qanday mahsulotni sotib olishda yoki biror xizmatdan foydalanishda sotuvchi va mahsulot (ish, xizmat) to‘g‘risida batafsil ma’lumot mavjudligini hamda ularning ishonchliligini tekshirish, taklif etilayotgan mahsulot (xizmat) haqiqatdan sizga zarurligiga va uni sotib olish moliyaviy holatingizga ta’sir qilmasligiga e’tibor qaratish, turli usuldagi aldov, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qiluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA