Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sotqin”likda ayblanayotganlar: bu holat yo‘l qoidalarini tartibga solishga yordam beryaptimi? (+video)
10:22 / 2022-07-22

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida 20 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Yo‘l transport hodisalarining oldini olish mavzusidagi ovozli chatda kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti, Yo‘l harakati xavfsizligi axborot xizmati boshlig‘i Azizxon Murodov hamda inspektor Oybek Rahmonovlar javob berdi.

— Termiz shahridagi viloyat bolalar shifoxonasi yonida svetofor o‘rnatilganiga 1 yil bo‘lyapti. Haligacha svetofor ishlagani yo‘q. Bu esa bolalarni bog‘cha va maktabga olib o‘tishda ota-onalarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bu muammo qachon bartaraf etiladi? 

— Viloyat bolalar shifoxonasining yoniga yo‘l patrul xizmati mutaxassislarini yuboramiz. O‘sha joyni ko‘rib chiqadi va kimga qarashli, nima sababdan svetofor qurilmasi ishlamayotganligiga aniqlik kiritilib, muammo bartaraf etiladi. 

— Yo‘l qoidasini buzgan haydovchilarni videoga olish jamoatchilik bilan aholi o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar ularni “sotqin”likda ayblashmoqda. Bu holat qaysidir ma’noda yo‘l qoidalarini tartibga solishga yordam beradimi? 

— Har bir sohada jamoatchilik nazorati rivojlanib bormoqda. Bu deyarli barchaga ma’qul. Sababi jamoatchilik nazorati bo‘lsa, ochiqlik va shaffoflik bo‘ladi. Lekin respublikamiz hududida yo‘l harakati qoidalarini buzilishi bilan bog‘liq holatlarni videotasvirga olib, belgilangan manzilga yuborishga ayrimlar qarshi. Bu jarayonni jamoatchilik nazoratisiz to‘liq qo‘lga olish, ya’ni qoidabuzarlikka qarshi kurashish judayam qiyin. Sababi shunday haydovchilar bor, maxsus moslama yoki yo‘l patrul xizmati xodimi bo‘lmasa, yo‘ldagi belgilar yoki chiziqlar talabiga rioya qilishmaydi. Aynan ana shunday haydovchilar uchun atrofda boshqa harakat qatnashchilari nazoratchi sifatida bo‘lishi bu judayam yaxshi. 

Qoidaga rioya qiladigan haydovchi uchun yo‘lda inspektor yoki kameralar bo‘lmasa ham ahamiyati yo‘q. Jamoatchilik nazorati ham aynan qoidabuzar haydovchilarni tartibga solish uchun yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda bu o‘zining yaxshi natijasini ko‘rsatmoqda. 

— Imkoniyati cheklangan, ya’ni ko‘zi ojiz insonlar uchun yo‘l belgilarini o‘rnatish bo‘yicha qanday amaliy ishlar olib borilmoqda? 

— Hozirgi kunda imkoniyati cheklangan yoki ko‘zi ojiz insonlarning maktab internatlari yoki yotoqxonalari yonida yo‘l belgilarini almashtirish, svetofor qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda ko‘proq Samarqand tajribasi, ya’ni ovozli svetoforlarni o‘rnatish belgilab berildi. Ko‘zi ojiz yoki imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz uchun chorrahaga ovozli svetoforlar o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.  

Bundan tashqari ko‘zi ojiz fuqarolarning maktablari yonida asfalt yo‘llarga ular uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilish joriy qilinmoqda. Ushbu yo‘laklarga maxsus qurilmalar o‘rnatib chiqiladi. Ko‘zi ojiz insonlar  asfalt yo‘lga yaqinlashayotgan paytda ular shu joyga yaqinlashganini bilib, ehtiyot bo‘lib harakatlanish kerakligini sezishadi. Maktab internatlarida brayl alifbosida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha kitoblar chop qilish boshlandi.  

<iframe width="1903" height="743" src="https://www.youtube.com/embed/88GNzBuDz9U" title="“SOTQIN”LIKDA AYBLANAYOTGANLAR, YOKI OVOZLI SVETOFORLAR KIMLAR UCHUN?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

 

N.Rahmonova,  
N.Abduvoitov(video) O‘zA